Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda so‘nggi yetti yilda yo‘l qurish va ta’mirlashga berilgan 61 trln so‘mning asosiy qismi xalqaro va respublika yo‘llariga to‘g‘ri kelishi aytildi. Lekin o‘lim bilan bog‘liq avtohalokatning 75−80%i ham shu yo‘llarda bo‘lyapti.
Prezident ayniqsa, aholi jamoat transporti sifati va tirbandliklardan mutlaqo norozi ekanini qayd etdi.
Fuqarolarning yana bir e’tirozi — yo‘llardagi kameralar dislokatsiyasi. Ular faqat qoidabuzarlikni qayd etib, jarima yozish uchun ishlayapti. Bu kameralar aslida transport oqimini boshqarish, tirbandlik va avariyani kamaytirishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, chorraha, chiziq va yo‘l belgilarini to‘g‘rilash, svetoforlarni “aqlli” boshqaruvga o‘tkazish bo‘yicha ishlar sustligi tanqid qilindi.
Poytaxtda transport harakatini sun’iy intellekt asosida tartibga solish bo‘yicha taqdimot qilinganiga ham ancha vaqt bo‘lgani, lekin natija yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yilning 1-iyunidan yo‘l chiziqlarini bosgan haydovchilarga radarlar orqali jarima yozilmasligi belgilandi. Endilikda bunday harakatlarni avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali yozishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i bundan mustasno.
1-sentabrdan “Radar” yo‘l belgisi majburiy tartibda o‘rnatiladi. Ushbu yo‘l belgisi radar o‘rnatilgan joydan kamida 250 metr, ammo 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan masofada joylashtiriladi.
Avvalroq Transport vazirligi haydovchilarga taksichilik qilishda belgilangan hududiy cheklov bo‘yicha rasmiy izoh bergandi. Vazirlik hududiy cheklov bo‘yicha rasmiy izoh berib, taksi haydovchilari faoliyat hududini o‘zlari tanlashi mumkinligini, cheklov litsenziyada ko‘rsatilgan hudud uchun o‘rnatilishini ma’lum qildi.