O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutib, u orqali ma’muriy jazo choralari tizimini to‘liqlashtirish, huquqbuzarlikka to‘g‘ri va xolis yondashishga xizmat qiladigan normalarni kiritish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishlari uchun javobgar shaxs aniq tartibda belgilanmoqda.

Shuningdek, huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilgan bo‘lsa, ayrim holatlarda ma’muriy ogohlantirish chorasini qo‘llash imkoniyati yaratiladi. Partiyada bu huquqbuzarlik og‘ir bo‘lmagan hollarda fuqarolarga nisbatan yumshoqroq yondashish imkonini berishi qayd etildi.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, ayniqsa, jarimalarning belgilangan muddatda yuborilmasligi orqali fuqarolarga bir necha oy o‘tib javobgarlik yuklash holatlarini keskin tanqid qildi. Kodeksning 36-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan aynan shunday holatlarni bartaraf etish, jarimalar qonuniy muddatda yuborilishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ma’muriy jazolar turlariga “ma'muriy ogohlantirish"ni alohida tartib sifatida kiritish fuqarolar manfaati uchun to‘g‘ri va adolatli qadam ekani qayd etildi. “Bu orqali fuqarolarning huquqiy ongi oshishi bilan birga, jazoning tarbiyaviy jihati ham kuchayadi”, deyiladi xabarda.

Fraksiya a’zolari loyihani konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlab, ko‘tarilgan fikr-mulohazalar asosida yanada maromiga yetkazish bo‘yicha takliflar berdilar.

Joriy yilning may oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari topshirig‘i bilan ma’muriy jazolar tizimiga yangi — “ma'muriy ogohlantirish” ta’sir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi. Bunda birinchi marta sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun bir yilda faqat bir marta ogohlantirish berilishi belgilanmoqda.

1-iyundan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari kuchga kirdi. Ularni Yagona portal orqali bepul va hech qanday hujjatlarsiz onlayn tekshirish mumkin.

Avvalroq prezident aholi jamoat transporti sifati va tirbandliklardan mutlaqo norozi ekani, chorraha, chiziq va yo‘l belgilarini to‘g‘rilash, svetoforlarni “aqlli” boshqaruvga o‘tkazish ishlari sustligini tanqid qilgani haqida xabar berilgandi.