Tramp oilasi TrumpMobile kompaniyasining ishga tushirilganini tasdiqladi. Bu haqda The Verge nashri xabar berdi.
Kompaniya smartfonlar ishlab chiqarish va aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Narxi $499 turuvchi T1 smartfoniga oldindan buyurtma berish imkoniyati allaqachon mavjud. Oltin rangdagi 8002 modeli 120 Gs yangilanish tezligiga ega 6,78 dyuymli AMOLED-ekran, 50 megapiksellik asosiy kamera va 5000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega bo‘ladi.
Qurilma Android 15 tizimida ishlaydi, biroq protsessorning aniq xususiyatlari hali ma’lum qilinmagan. Smartfon 12 Gb tezkor xotira va 256 Gb kengaytirish mumkin bo‘lgan ichki xotira bilan jihozlanadi.
Smartfonda barmoq izi skaneri, yuz bilan qulfni ochish funksiyasi, shuningdek, zamonaviy qurilmalarda kamdan-kam uchraydigan quloqchinlar uchun 3,5 mm ulagich ham bo‘ladi.
Smartfondan tashqari, TrumpMobile mobil aloqa xizmatlarini ham taklif etadi. Oyiga $47,45 turadigan “The 47 Plan” tarifi uchta eng yirik operator darajasidagi qamrovni va’da qilmoqda.
Matbuot xabarida kompaniya qurilmani “yuqori samaradorlik uchun yaratilgan va faxr bilan AQShda loyihalashtirilgan nafis oltin smartfon” deb ta’riflagan.
Oldindan buyurtma berish uchun $100 miqdorida boshlang‘ich to‘lov talab etiladi. Sotuvlar 2025-yil sentabr oyida boshlanishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot AQShda Trampning $5 mlnlik “oltin kartasi"ga ariza topshirish uchun sayt ishga tushirilgani haqida yozgandi.
Oq uyning hisob-kitoblariga ko‘ra, dastur 1 mlngacha ishtirokchini jalb etishi va AQSh iqtisodiyotiga $5 trln miqdorida mablag‘ kiritishi mumkin.