Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda Toshkent shahri markazida qiymati $175 mln bo‘lgan ikki minorali osmono‘par bino qurish taklif qilindi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali lavhasidan ma’lum bo‘ldi. Loyiha tashabbuskori elektronika ishlab chiqaruvchi Foton kompaniyasi hisoblanadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining bosh reja xaritasi saytida keltirilishicha, loyiha amalga oshirilishi kutilayotgan Sharof Rashidov mahallasi hududi renovatsiya hududiga kiradi.

Loyiha doirasida 6000 kishiga mo‘ljallangan 1500 ta xonadon barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Binolardan birining balandligi 53 qavatni tashkil etadi. Ikkinchi bino balandligi esa 25 qavatdan iborat bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, loyiha zilzilabardoshliligi bo‘yicha 8 ballik ijobiy xulosa olgan. Bosh reja xaritasida hududning seysmologik zonasi 9 ball, qavatliligi esa 25 qavat etib baholangan.

Shuningdek, loyiha gidrogeologiyasi hamda yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan. Loyihaning boshqa tafsilotlariga aniqlik kiritilmagan.

16-iyun kuni prezident matbuot xizmati yangilangan talablarga ko‘ra, yangi quriladigan binolarning zilzilabardoshligi 9 balldan kam bo‘lmasligi kerakligini ma’lum qildi. Har bir loyiha bo‘yicha kompleks ekspertiza xulosasi shakllantiriladi.

Avvalroq 2045-yilgacha Toshkentda $58,4 mlrdlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimining qayd etishicha, uy-joy kommunal infratuzilma obyektlarining zilzilabardoshligi hamda foydalanishga tayyorligini qat’iy nazoratga olish topshirilgan.