O‘zbekistonda fuqarolar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishiga onlayn taqiq qo‘yish imkoni yaratildi. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi xabar berdi.

Joriy yilning 6-iyunidan boshlab “jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish yoki reyestrdan chiqarish bo‘yicha” xizmat ishga tushirildi.

Bu orqali jismoniy shaxslar o‘zlarining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun o‘zi bilan kredit bitimini tuzishni taqiqlashi mumkin bo‘ladilar. Buning uchun esa kredit byurosiga ariza kiritish kerak.

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, hozirda kredit byurosining rasmiy veb-sayti orqali foydalanish mumkin. Xizmat havolasi bu yerda.

Byuroda qayd etilishicha, mazkur xizmat hozirda o‘sib borayotgan fuqarolar xabarisiz kreditlar rasmiylashtirilishi holatlarining oldini olishga yordam beradi.

Joriy yilning mart oyida prezident tomonidan kredit berishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun imzolangandi. Hujjat bilan “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida"gi qonunga jismoniy shaxslarga kredit bitimlarini tuzishni taqiqlash va bu taqiqni bekor qilish imkoniyatini beruvchi o‘zgartishlar kiritildi.

Banklar, mikromoliya va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan kredit oluvchining o‘zini o‘zi taqiqlash reyestrida mavjudligi yoki mavjud emasligini tekshirmasdan fuqarolarga kreditlarni rasmiylashtirish taqiqlanadi.

Ular fuqarolar ishtirokisiz yoki xabardorligisiz qarz berishdan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar. Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash ixtiyoriy amalga oshiriladi.

Hozirda kredit byurosi orqali kredit tarixi o‘rganilishini cheklab qo‘yish mumkin. Xizmat orqali fuqarolar o‘zlariga tegishli kredit tarixi ma’lumotlarini olinishini taqiqlab qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.

Avvalroq Markaziy bank mikroqarz olishda minimal daromad miqdorini belgilashni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, regulyator mikroqarzlarning o‘sishi bo‘yicha xatarlarni yengillashtirish maqsadida kredit summasini qarz oluvchining yillik daromadiga nisbati cheklovini joriy etish kerakligini bildirdi.