Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. 2045-yilgacha Toshkentda $58,4 mlrdlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.

Taqdimotda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti yaqinida qiymati $180 mln bo‘lgan yirik turar-joy majmuasini qurish taklif qilindi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali lavhasidan ma’lum bo‘ldi.

Loyiha tashabbuskori Xamkor Inshaat xususiy kompaniyasi bo‘lib, u 2021-yil oktabr oyida Davlat geologiya qo‘mitasiga qarashli Mineral resurslar ilmiy-tadqiqot institutining sobiq binolar majmuasini 71,6 mlrd so‘mga, 2022-yil aprel oyida esa Davlat geologiya qo‘mitasi binosini 124,75 mlrd so‘mga sotib olgan.

KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Xamkor Inshaat 2021-yil fevral oyida tashkil etilgan, kompaniya turar-joy binolarini qurish bilan shug‘ullanadi. Uning ta’sischilari — Himend Limited (50%) va Karimjanov Mirziyat Artikovich (50%), direktori — Savutov Akmal Hamidovich. Ustav kapitali — 50 mlrd so‘mdan ortiq.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bosh reja xaritasiga ko‘ra, hududida loyiha amalga oshirilishi kutilayotgan Mingo‘rik mahallasi hududining katta qismi konservatsiya zonasiga (Sharqshunoslik universiteti) kiradi va faqat kichik qismi rekonstruksiya zonasiga to‘g‘ri keladi.

qurilish, toshkent shahri, Xamkor Inshaat

4 gektar maydonni egallagan loyihada 10 ta bino qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularda 5486 nafar aholiga mo‘ljallangan 1371 ta xonadon joylashadi. Eng baland binoning balandligi 30 qavat. Loyiha zilzilabardoshlik (8 ballgacha), gidrogeologiya, sanitariya-epidemiologiya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi bo‘yicha ijobiy xulosa olgan.

Bundan tashqari, loyiha hududida 540 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi va 1200 o‘quvchiga mo‘ljallangan o‘rta ta’lim maktabini qurish rejalashtirilgan. Xizmat ko‘rsatish obyektlari maydoni 60 ming kvadrat metrni tashkil etib, 3 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Muhandislik infratuzilmasiga ulanish uchun quyidagi xarajatlar belgilangan:

  • 2,7 mlrd so‘m — elektr energiyasiga (1 ta podstansiya rekonstruksiya qilinadi, 6,3 km kabel);
  • 59 mlrd so‘m — issiqlik ta’minotiga;
  • 1,7 mlrd so‘m — ichimlik suvi va kanalizatsiya uchun;
  • gaz ta’minoti loyihada ko‘zda tutilmagan.

qurilish, toshkent shahri, Xamkor Inshaat

16-iyun kuni prezident matbuot xizmati yangilangan talablarga ko‘ra, yangi quriladigan binolarning zilzilabardoshligi 9 balldan kam bo‘lmasligi kerakligini ma’lum qildi. Har bir loyiha bo‘yicha kompleks ekspertiza xulosasi shakllantiriladi.

Avvalroq Toshkent markazida qiymati $175 mlnlik ikki minorali osmono‘par bino qurish taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.