Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Deputat Jahongir Shirinovning qayd etishicha, avtomobillardan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ularni qiynayotgan ayrim muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Xususan, avtomatlashtirilgan foto va video vositalari orqali qayd etiladigan qoidabuzarliklar aniq belgilanmoqda. Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 13 ta moddasida nazarda tutilgan quyidagi qoidabuzarliklardir:
- 125-moddaning birinchi, beshinchi va oltinchi qismlari — xavfsizlik kamarini taqmaslik, davlat raqamini yechib olib boshqarish hamda tegishli bo‘lmagan raqamni taqib olish;
- 128-modda — transport vositalarini trotuarlardan, velosiped yo‘lkalaridan, yashil maydonlardan yurgizish, yo‘l belgilari talablariga rioya etmaslik;
- 128−1-modda — boshqarish vaqtida telefondan foydalanish;
- 128−3-modda — tezlikni oshirish;
- 128−4-modda — svetoforning taqiqlovchi signaliga rioya qilmaslik, to‘xtash chizig‘ini bosib o‘tish;
- 128−5-modda — maxsus transport vositalariga xalaqit berish, avariya holatini yuzaga keltirish, yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqish;
- 128−6-modda — to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish;
- 128−7-modda — avtobuslar uchun ajratilgan (A yo‘lak) tasmada harakatlanish;
- 128−9-modda — quvib o‘tish qoidalarini buzish;
- 128−10-modda — yo‘l bezoriligi;
- 129-modda — guruh bo‘lib harakatlanishda qatnashish;
- 130-modda — temiryo‘ldan o‘tish qoidalarini buzish;
- 135-moddaning ikkinchi qismi — transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs boshqarishi.
Endilikda yo‘l chizig‘i (polosa) ni bosganlik holati kameralar orqali qayd etilmaydi.
Bundan tashqari, MJtKning 36-moddasi 3-qism bilan to‘ldirilib, kamera va radarlar orqali aniqlangan huquqbuzarliklar uchun qaror bir oydan kechiktirilib chiqarilsa, jazo qo‘llanilmasligi belgilanmoqda. Qaror ustidan shikoyat qilinganda esa, bu bir yildan kechiktirilmasligi kerak.
Qonun loyihasi bilan kodeks 128−2-modda bilan to‘ldirilib, ma’muriy jazolar tizimiga “ma'muriy ogohlantirish” jazo chorasi kiritilmoqda. U quyidagi 6 ta huqubuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi:
- 125-modda — transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik, jumladan, kamar taqmaganlik, texnik ko‘rikdan o‘tkazmaganlik, tegishli jihozlar bilan jihozlamaganlik holatlari;
- 128−1-modda — boshqarish vaqtida telefondan foydalanganlik;
- 128−2-modda — boshqarish vaqtida monitordan foydalanganlik;
- 128−6-modda — to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik;
- 135−1-modda — majburiy sug‘urta qilish talablarini buzganlik;
- 138-modda — piyodalar va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzganlik.
Jahongir Shirinov ogohlantirish mumkin bo‘lgan ushbu huquqbuzarliklar ijtimoiy xavfliligi kam bo‘lganligi hamda ularning sodir etilishi bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlar asosida tanlanganini ta’kidladi. Bunda ogohlantirish bir yilda bir marotaba qo‘llaniladi.
Joriy yilning may oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari topshirig‘i bilan ma’muriy jazolar tizimiga yangi — “ma'muriy ogohlantirish” ta’sir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi. Bunda birinchi marta sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun bir yilda faqat bir marta ogohlantirish berilishi belgilanmoqda.
1-iyundan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari kuchga kirdi. Ularni Yagona portal orqali bepul va hech qanday hujjatlarsiz onlayn tekshirish mumkin.
Avvalroq prezident aholi jamoat transporti sifati va tirbandliklardan mutlaqo norozi ekani, chorraha, chiziq va yo‘l belgilarini to‘g‘rilash, svetoforlarni “aqlli” boshqaruvga o‘tkazish ishlari sustligini tanqid qilgani haqida xabar berilgandi.