Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda Magic City ko‘ngilochar bog‘i va Humo Arena muz saroyi yaqinida qiymati $461 mln bo‘lgan yirik turar-joy majmuasini qurish taklif qilindi. Bu haqda Spot e’tibor qaratgan O‘zbekiston 24 telekanali lavhasidan ma’lum bo‘ldi.

Bo‘rijar kanali bo‘yida joylashishi mumkin bo‘lgan loyihaning tashabbuskori Tashkent Invest kompaniyasi hisoblanadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Toshkent shahri bosh rejasi xaritasiga ko‘ra, hududida loyiha amalga oshirilishi kutilayotgan Beshyog‘och mahallasi rekonstruksiya hududiga kiradi.

beshyog‘och, magic city, qurilish, tashkent invest, toshkent shahri

Loyiha doirasida 9216 nafar aholiga mo‘ljallangan 2304 ta xonadon qurilishi ko‘zda tutilgan. Eng baland inshoot 30 qavatdan iborat bo‘ladi. Loyiha zilzilabardoshlik (9 ballgacha) va gidrogeologiya bo‘yicha ijobiy xulosaga ega. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

beshyog‘och, magic city, qurilish, tashkent invest, toshkent shahri

Joriy yilning 13-yanvar kuni Chilonzor tumani hokimligi Turkiyaning Albayrak Holding kompaniyasi bilan Skyvision majmuasi loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgandi. Uni Beshyog‘och bozori o‘rnida barpo etish taklif etilgandi.

Loyiha taqdimotidan e’lon qilingan slaydga ko‘ra, majmua 4 ta bino — ikkita ko‘p qavatli turar-joy (Crown Residence), bitta ofis (Skyscraper) va bitta aralash (Wave Residence & Office) binolarni o‘z ichiga oladi.

Undan keyin hokimlik onlayn-muzokara yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berib, loyiha muhokama bosqichida ekanligini qayd etdi. Hozirda loyiha aniq amalga oshishi, uning muddatlari va qiymati haqida hech qanday rejalar yo‘q. Hokimlik bu kabi takliflar yana bo‘lsa, ko‘rib chiqilishini bildirgan.

Biroq, undan keyin Qurilish vazirligi bu joyda “yirik biznes markazi” qurish rejalari haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Vazirlik poytaxt bosh rejasi bilan bu hududda 9 qavatgacha bino qurilishi belgilangani, biznes markaz qurilishiga oid ruxsatnoma yoki arxitektura rejalashtirish topshirig‘i mavjud emasligini qayd etgan.

16-iyun kuni prezident matbuot xizmati yangilangan talablarga ko‘ra, yangi quriladigan binolarning zilzilabardoshligi 9 balldan kam bo‘lmasligi kerakligini ma’lum qildi. Har bir loyiha bo‘yicha kompleks ekspertiza xulosasi shakllantiriladi.

Avvalroq Sharqshunoslik universiteti yaqinida $180 mln evaziga turar-joy majmuasi qurilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.