AQShH prezidenti Donald Tramp TikTok’ni sotish muddatini 90 kunga uzaytirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va shu orqali AQShda ijtimoiy tarmoqni bloklash xavfini uchinchi marta kechiktirdi. Bu haqda Financial Times nashri xabar bermoqda.
Oq uy matbuot kotibi bergan ma’lumotga ko‘ra, prezident TikTok’ning “so‘nib qolishini” xohlamaydi va bitimni yakunlash hamda amerikaliklar shaxsiy ma’lumotlarining xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha vaqt ajratmoqchi.
2024-yil aprel oyida Jo Bayden tomonidan imzolangan platformani majburiy sotish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan keyin TikTok’ning AQShdagi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
Amerikalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlariga tahdidning oldini olish uchun ByteDance TikTokni AQSh yoki unga yaqin yurisdiksiyadagi xaridorga sotishi kerak edi.
19-yanvar kuni Tramp o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida “TikTok"ning bloklanishiga yo‘l qo‘ymasligini va’da qildi. Uning aytishicha, bu qadam platformani amerikalik sherik 50% ulushga ega bo‘ladigan qo‘shma korxonaga o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvga erishish imkonini beradi.
“Biz “TikTok"ni qutqaramiz, uni ishonchli qo‘llarda saqlaymiz va faoliyatini davom ettirishiga imkon yaratamiz. AQShning roziligisiz TikTok mavjud bo‘lmaydi. Bizning roziligimiz bilan esa u yuzlab milliard, balki trillion dollarlarga teng qiymatga ega bo‘lishi mumkin,” — deb ta’kidladi tadbirkor.
19-yanvarga o‘tar kechasi “TikTok” AQShda o‘z faoliyatini to‘xtatdi va amerikalik foydalanuvchilar uchun ilovaga kirishni, jumladan VPN orqali ham foydalanishni o‘chirdi. Biroq bir necha soatdan so‘ng platforma yana ishlay boshladi va kirish paytida “Prezident Trampning sa’y-harakatlari tufayli „TikTok“ AQShda yana faoliyat yuritmoqda!” degan xabar ko‘rsatildi.
20-yanvar kuni AQShning 47-prezidenti bo‘lgan Donald Tramp TikTok ijtimoiy tarmog‘ini bloklashni kechiktirish to‘g‘risida farmon chiqardi.
Farmonda Adliya vazirligiga “Do‘stlashmagan chet elliklar tomonidan nazorat qilinadigan ilovalar to‘g‘risida"gi Qonunning ijrosini 75 kunga kechiktirish vazifasi yuklatilgan.
Qayd etilishicha, qaror “millionlab amerikaliklar foydalanadigan platformani keskin o‘chirishning oldini olish” zarurligi bilan izohlanadi.
“Muvaffaqiyatsiz [bloklash talabining kuchga kirishi] taqiqning milliy xavfsizlik va tashqi siyosatga ta’sirini baholash imkoniyatiga to‘sqinlik qilmoqda. Shuningdek, u TikTok’ning to‘satdan o‘chib qolishining oldini olish uchun qaror qabul qilishga yo‘l qo‘ymaydi,” — deyiladi farmonda.
Oq uy TikTok bo‘yicha keyingi harakatlar rejasini belgilashni mo‘ljallamoqda. AQSh Adliya vazirligi internet-provayderlar va telekommunikatsiya operatorlariga farmonning amal qilish muddati davomida platformaga kirishga ruxsat berganligi uchun hech qanday cheklovlar qo‘llanilmasligini ma’lum qilishi kerak.
Ehtimoliy bloklashdan bir necha kun oldin platformani Ilon Maskka sotish mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Shuningdek, bloger MrBeast ham xarid qilishga qiziqish bildirgan. Mart oyida Tramp ma’muriyati TikTok bo‘yicha to‘rtta xaridor bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgandi.
Kelishuv bahorda deyarli amalga oshgan, biroq Tramp Xitoy mahsulotlariga yangi bojlar joriy etganidan so‘ng to‘xtatilgan. Shundan keyin ByteDance Pekinning sotuvga bergan roziligini qaytarib oldi. Ko‘zda tutilgan reja Blackstone, Andreessen Horowitz, General Atlantic va KKR kabi investorlar ishtirokida yangi Amerika kompaniyasini tashkil etishni nazarda tutgan.