UzAuto Motors Chevrolet Malibu-2 avtomobillari uchun to‘lanmagan shartnomalarni sotuvga qo‘ydi. Bu haqda UzAutoSavdo savdo platformasidan ma’lum bo‘ldi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi matbuot xizmati Spot so‘roviga javoban Malibu-2 sotuvi qayta tiklanganini tasdiqladi. Hozirda platformada mazkur model kontraktatsiya uchun mavjud.

“„O‘zavtosanoat“ AJ oldingi shartnomalar chog‘ida tuzilgan Chevrolet Malibu XL avtomobillarining belgilangan muddatlarda to‘lanmagan hajmlari sotuvga qo‘yilayotganini ma’lum qiladi”, — deyiladi kompaniya izohida.

Joriy yilning aprel oyi boshida UzAuto Motors Chevrolet Malibu, Traverse va Tahoe avtomobillari sotuvini vaqtincha to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi. Kompaniya ular bilan to‘liq shartnoma tuzilganini ma’lum qilib, tez orada ularning sotuvini qayta tiklashga va’da berdi.

29-may kuni UzAuto Motors Chevrolet Malibu XL avtomobillari sotuvi qayta tiklanganini e’lon qildi. Oradan 42 daqiqa o‘tib, avtomobil ishlab chiqaruvchisi UzavtoSavdo onlayn platformasida Malibu XL avtomobillari uchun kontraktatsiya yakunlanganini ma’lum qildi. Biroq, kompaniya shartnoma natijalarini ochiqlamadi, ularni “korporativ sir” deb atadi.

Iyun oyida UzAuto Motors UzAvtoSavdo platformasining avtomobillar uchun onlayn to‘lovni amalga oshirish imkoniyatiga ega yangilangan versiyasini ishga tushirdi. Endi avtomobillar uchun onlayn to‘lov qilish mumkin. Dilerlik markaziga faqat avtomobilni olish uchun borish kerak bo‘ladi. Kompaniya test-drayvga yozilish funksiyasini ishga tushiradi.

Avvalroq Spot BYD 2025-yil oxirigacha O‘zbekiston bozoriga Denza premium brendini olib kirishi haqida yozgandi.