E’tibor qarating: ma’lumotlar faqat nashr etilgan vaqtdagina aktual hisoblanadi va ma’lumot olish uchun taqdim etilgan.


Markaziy bankning 20-iyun holati bo‘yicha bergan ma’lumotida, dollarning so‘mga nisbatan qiymati 12 618,63 so‘mni tashkil qilmoqda.

Amerika valyutasi 17-iyun kuni belgilangan 12 668,14 so‘m qiymatga nisbatan 49 so‘m 51 tiyinga pasaydi.

20-may kuni sotish kursi Infinbank, KDB Bank Uzbekistan, Orient Finans bank, Mikrokreditbank, Turonbank, Ziraat Bank Uzbekistanda 12 680 so‘mni tashkil etmoqda. Qolgan banklarda esa sotish narxi 12 670 so‘mdan 12 650 so‘mgacha belgilandi.

Banklarda sotib olish narxi esa 12 615 so‘mdan 12 560 so‘mgacha yetdi.


18-iyun kuni dollarning rasmiy kursi 2024-yil 6-avgustidan beri bunday eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.

Bundan oldin 11-iyun kuni merika valyutasining rasmiy kursi 27 so‘m 81 tiyinga pasayib, 12 646,56 so‘mni tashkil qilgandi.

May oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 164,9 so‘mga yoki 1,28% ga qimmatlab, 12 768,26 so‘mni tashkil qildi. Oy davomida dollar 12 900 so‘mdan yuqori pozitsiyani saqlab qoldi va 17-apreldan beri birinchi marta 12 980 so‘mlik chegarani kesib o‘tdi. Biroq, 27−30 may kunlari milliy valyuta keskin 170 so‘mdan ko‘proqqa mustahkamlanib, may oyini 2024-yil 4-oktabrdan beri eng yuqori ko‘rsatkich bilan yakunladi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Spot’ga bergan izohida 2025-yilda milliy valyuta kursining barqarorligi sabablarini tushuntirgandi.

“Birinchidan, [dollar] kursiga pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi ta’sir qiladi. Ikkinchidan, bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yaxshi kirib kelmoqda. Uchinchidan, birinchi chorakda import ilgargi katta ta’sir ko‘rsatgan darajada o‘smadi. Shuningdek, oltinni hisobga olmaganda tovarlar eksporti ham oshdi”, — dedi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari.

Avvalroq yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning davlat qarzi $2,22 mlrdga oshib, $42,4 mlrddan ortiqni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.