AQSh Davlat departamenti talabalar vizalarini rasmiylashtirish uchun arizalarni qabul qilishni qayta tikladi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, endi barcha xorijlik talabalar ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlariga kirishga ruxsat berish kerak bo‘ladi.

Davlat departamenti aniqlashtirganidek, ariza beruvchining o‘z ijtimoiy tarmoq hisoblarini ommaga ochiq qilishni rad etishi, uning onlayn faoliyatini yashirishga urinish sifatida baholanishi mumkin.

“Yangi ko‘rsatmalarga ko‘ra, konsullik xodimlari talaba va almashinuv vizalari uchun murojaat qiluvchilarning barchasini atroflicha va puxta tekshirishni amalga oshiradilar. Ijtimoiy tarmoqlarni qat’iy nazorat qilish mamlakatimiz hududiga kirmoqchi bo‘lgan har bir shaxs ustidan tegishli nazoratni ta’minlaydi”, — deya ta’kidlanadi bayonotda.

Manbaga ko‘ra, konsullik xizmatchilariga yuborilgan ichki yo‘riqnoma AQShning fuqarolari, madaniyati, hukumati, institutlari va asosiy tamoyillariga nisbatan dushmanlik alomatlariga e’tibor qaratishni buyuradi.

May oyi oxirida Donald Tramp ma’muriyati AQShda o‘qishni rejalashtirayotgan xorijlik talabalar uchun yangi viza intervyularini tayinlashni to‘xtatgandi.

O‘shanda AQShning barcha elchixonalari va konsulliklariga yangi ko‘rsatmalar chiqmaguncha F, M va J turdagi vizalar uchun yangi muddatlarni belgilamaslik haqida ko‘rsatma berilgandi.

Shuningdek, Tramp ma’muriyati Garvard universitetiga xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilishni taqiqlagan edi. O‘shanda AQSh Ichki xavfsizlik vaziri universitetni “zo‘ravonlik va antisemitizmni rag‘batlantirish"da ayblab, universitetga buni amalga oshirishga ruxsat beruvchi sertifikatni zudlik bilan bekor qilishni buyurdi.

Biroq AQSh federal sudi Garvard universitetining chet ellik talabalarni qabul qilish huquqini vaqtincha cheklashni taqiqladi.

Tramp ta’limga qarshimi?

Yangi tartibga tayyorgarlik Oq uyning Amerika universitetlariga qarshi keng ko‘lamli kampaniyasi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Tramp Oq uyga qaytgach, darhol universitetlarda antisemitizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Harvard va boshqa universitetlarga boshqaruv tizimini, qabul qilish va ishga olish qoidalarini o‘zgartirish, shuningdek, xorijiy talabalar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish talablari qo‘yildi.

Tramp Harvard va boshqa oliy o‘quv yurtlarini antisemitizm va “so‘l g‘oya"larga ko‘z yumishda aybladi. Bundan oldin ma’muriyat bir qator universitetlarning moliyalashtirilishini to‘xtatgan va minglab vizalarni bekor qilgan edi. Endi hukumat mamlakatga o‘qishga kelayotganlar ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi, jumladan, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini tahlil qilishni rejalashtirmoqda.

Harvard talablarni bajarishdan bosh tortgach, hukumat $2,2 mlrdlik federal mablag‘ni muzlatib qo‘ydi. Keyinchalik qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi: yangi grantlar taqiqlandi, avval ajratilgan $450 mln qaytarib olindi va $60 mlnik tibbiy subsidiyalar to‘xtatildi. Jami yo‘qotishlar $2,7 mlrddan oshdi.

O‘tgan hafta AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi kutilmaganda Harvardning 2025−2026 o‘quv yilida xorijiy talabalarni qabul qilish huquqini bekor qildi. Bunga sabab, universitetning go‘yoki “Amerikaga qarshi” talabalarga zo‘ravonlik, tahdid va norozilik namoyishlarida, shu jumladan “dushman davlatlar manfaatlari yo‘lida” harakat qilishlariga yo‘l qo‘ygani haqidagi ayblovlar bo‘ldi.

Vazirlik rahbari 72 soat ichida chet ellik talabalar haqidagi to‘liq ma’lumotlarni, jumladan “hukumatga qarshi harakatlar"da qatnashgan bo‘lishi mumkin bo‘lganlarning video va audio yozuvlarini hokimiyatga topshirishni talab qildi. Bayonotda “Xitoy Kommunistik partiyasi bilan aloqalar” haqida ham gap borgan.

Bu 7 mingdan ortiq xalqaro talabaning kelajagini xavf ostiga qo‘ydi.
Harvard sudga murojaat qilib, qarorning kuchga kirishiga vaqtinchalik taqiq olishga erishdi.

Harvard o‘z mustaqilligidan voz kechish va mafkuraviy bosimga bo‘ysunish talab qilinayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, universitet ma’muriyatni qasos olishda va universitetning ilmiy hamda ta’lim infratuzilmasini buzishga urinishda aybladi.

Bundan tashqari, mart oyida Tramp AQSh Ta’lim vazirligini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu uning saylovoldi va’dalaridan biri edi. “Biz uni iloji boricha tezroq yopishni rejalashtirmoqdamiz. U bizga hech qanday naf keltirmayapti”, — degan AQSh prezidenti.