Adobe kompaniyasi smartfonlarda suratga olish yondashuvini tubdan o‘zgartiradigan Project Indigo mobil ilovasini taqdim etdi. Bu haqda The Verge nashri xabar berdi.
Ilova ustidagi ishlar besh yil davomida Google Pixel seriyasi uchun hisoblash fotografiyasini yaratgan muhandis Mark Levoy rahbarligida olib borilgan.
Ilova ko‘p kadrli suratga olish prinsipi bo‘yicha ishlaydi: bitta surat o‘rniga kamera ataylab pasaytirilgan ekspozitsiyali 32 ta kadrdan iborat seriyani oladi.
Maxsus algoritmlar ushbu tasvirlarni kengaytirilgan dinamik diapazon va minimal raqamli shovqin bilan yakuniy natijaga birlashtiradi.
Project Indigo’ning asosiy xususiyati — standart smartfon kameralariga xos bo‘lgan kuchli ishlov berishsiz tabiiy ranglarni uzatish qobiliyatidir.
Ishlab chiquvchilar ko‘zguli fotoapparatlarning estetikasini qayta yaratish maqsadida ortiqcha tonal siqish va haddan tashqari keskinlikdan voz kechishga qaror qildilar.
Ilova suratga olish parametrlari: ekspozitsiya vaqti, ISO, oq rang balansi va fokuslanish ustidan to‘liq qo‘lda boshqaruvni ta’minlaydi. Foydalanuvchilar natijalarni keyinchalik qayta ishlash uchun JPEG hamda RAW formatida saqlashlari mumkin.
Eksperimental funksiyalar orasida sun’iy intellekt yordamida akslarni avtomatik tarzda yo‘qotish alohida ajralib turadi. Bu texnologiya shisha yuzalar orqali aniq tasvirlarni qo‘shimcha ishlov bermasdan olish imkonini beradi.
Project Indigo bepul tarqatiladi va undan foydalanish uchun Adobe tizimida ro‘yxatdan o‘tish talab etilmaydi.
Avvalroq Spot Adobe Android uchun bepul Photoshop dasturini chiqargani haqida yozgandi.
Ilova ham boshlang‘ich, ham tajribali foydalanuvchilarga mo‘ljallangan va tasvirlarni tahrirlash uchun vositalar to‘plamidan foydalanish imkoniyatini beradi.