Qozog‘istondagi elektr ta’minotidagi favqulodda holat natijasida O‘zbekistonda uzilishlar yuz berdi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
19-iyun kuni soat 16:44 da noqulay ob-havo sharoiti tufayli Qozog‘istondagi Ekibastuz energiya uzelida 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i favqulodda o‘chgan.
Vazirlik buning natijasida Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida, shu jumladan, O‘zbekistonda ham chastota tushishlari kuzatilganini ma’lum qildi.
Avariyaviy holatni bartaraf etish maqsadida ayrim hududlarda qisqa muddatli majburiy cheklovlar kiritilgan.
Qozog‘iston elektr tarmoqlarini boshqarish kompaniyasining (KEGOC) qayd etishicha, avariyaga qarshi avtomatikaning ishga tushishi natijasida yuzaga kelgan quvvat cheklovlarining dastlabki hajmi taxminan 800 MVtni tashkil etgan.
Mutaxassislar Qozog‘iston Yagona energiya tizimining Janubiy zonasi va Markaziy Osiyo yagona energetika tizimi uchun nosozliklarni bartaraf etib, tizimning barqaror ishlashini ta’minladilar.
Soat 19:30 da 500 kVli elektr uzatish liniyasidagi nosozlik bartaraf etilib, iste’molchilar ta’minoti tiklangan.
Avvalroq Spot O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish masalasini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.