O‘zbekistonda xususiy klinika ochishga $140 mln so‘mgacha ajratiladi. Bu haqda 20-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Sakkiz yil avval viloyat sanoatining yarmidan ko‘pi neft-gaz va kimyo tarmog‘i korxonalariga to‘g‘ri kelgani, o‘tgan davrda elektrotexnika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, mebelchilik sohalarida katta sakrash bo‘lib, hozirda bu tarmoqlarning sanoatdagi ulushi 54% ni tashkil etayotgani ta’kidlandi.
O‘tgan davrda Chiroqchidan ajralib chiqqan Ko‘kdala tumanida 120 km suv, 210 km elektr tarmog‘i qurildi, 605 km tuproq yo‘llar ta’mirlandi, 19 ta maktab, 22 ta bog‘cha, 5 ta oilaviy poliklinika ishga tushdi. Ishlab chiqarish korxonalari 3 karra oshib, 220 taga yetdi. Yakkabog‘ tuman markazida 1 400 xonadonli 54 ta ko‘p qavatli uylar, Eko bozor, savdo va ko‘ngilochar markazi barpo bo‘ldi.
Shahrisabz shahrida $10 mlnlik ko‘p tarmoqli klinika ishga tushirildi. Har bir hududda kamida 1 tadan mana shunday xususiy klinika ochilishiga ko‘maklashish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun davlat $140 mln resurs ajratishga tayyor ekanligi aytildi.
“Qisqa qilib aytganda, Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalada ishga tushgan yangi loyihalar Islohotlar shtabi’ga tayyor andoza. Respublikadagi barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalani kelib ko‘rsin, o‘rgansin, o‘zida ham mana shunday yangi-yangi loyihalarni qilsin”, — dedi prezident.
Davlat rahbari joriy hafta boshida hokimlarga yuqoridan topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus qilib, proaktiv ishlashga o‘tish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berganini eslatdi. Qashqadaryoda hali ishga solinmagan kamida $15 mlrdlik salohiyat bor.
Bu imkoniyatlarning kamida uchdan biri loyihaga aylantirilsa, viloyatning yalpi hududiy mahsulotini kelgusi besh yilda $10 mlrddan oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Qashqadaryoda viloyat Islohotlar shtabi tuziladi.
Avvalroq Sirdaryo tumani hokimligida Islohotlar shtabi tuzilishi ma’lum qilingandi. U o‘z ichiga 9 ta idora xodimlari, Savdo-sanoat palatasi, bank, soliq, kadastr vakili va tadbirkorlarni oladi.