O‘zbekistonda Plug and Play akseleratorining beshinchi to‘lqinida ishtirok etish uchun startaplardan arizalar qabul qilish boshlandi. Bu haqda IT Park qoshidagi StartupBase platformasi xabar bermoqda.

Akselerator texnopark va Plug and Play Markaziy Osiyo hamkorligida tashkil etilmoqda. Dasturning maqsadi mahalliy asoschilarga xorijiy bozorlarga chiqishda yordam berish, shuningdek, xorijiy tashabbuslarga O‘zbekistonda faoliyat boshlashida ko‘maklashishdan iborat.

Ishtirok etish uchun tezda rivojlanishni maqsad qilgan mahalliy startaplar, shuningdek, Markaziy Osiyo bozorlariga kirishga tayyor bo‘lgan xalqaro kompaniyalar taklif etiladi. Tashkilotchilarni “yuqori o‘sish sur’atlari va global ambitsiyalarga ega” loyihalar qiziqtiradi.

Dastur ishtirokchilari quyidagilarni qo‘lga kiritadilar:

  • ekspert maslahatlari va amaliy yordam;
  • investitsiya imkoniyatlari va venchur fondlari bilan aloqalar;
  • korporatsiyalar va investorlar oldida taqdimot o‘tkazish imkoniyati;
  • amaliy seminarlar va taqdimot ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha treninglar;
  • Silikon vodiysidagi Plug and Play Tech Center GOAL dasturiga qo‘shilish va boshqa joylarga tashrif buyurish imkoniyati.

Akseleratorda ishtirok etish uchun arizalar 15-iyulgacha havola orqali qabul qilinadi.

Tanlab olingan startaplar avgust oyida e’lon qilinadi. Dastur esa oktabr boshida boshlanadi.

Platformadan akseleratorning birinchi to‘lqini 2022-yilning kuzida, uning Toshkentdagi ofisi rasman ochilishidan oldin ishga tushirildi. 2023−2024-yillarda dasturga yana ikkita qabul bo‘lib o‘tdi, to‘rtinchi to‘lqinga ro‘yxatdan o‘tish esa joriy yil yanvar oyida boshlanib, 1-fevralgacha davom etdi.


Avvalroq Spot Dubayda Markaziy Osiyo startaplari uchun akselerator ishga tushirilayotgani haqida yozgandi.

Unda ishtirok etish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston jamoalaridan arizalar 20-iyungacha qabul qilinadi.