“Plug and Play” platformasi joriy yil yakuniga qadar Toshkentda o‘z ofisini ochishi haqida xabar qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT Park Uzbekistan hamda “AloqaVentures” bilan kechgan uchrashuvlardan so‘ng “Plug and Play” O‘zbekiston poytaxtida o‘z vakolatxonasini ishga tushirishi haqida rasman e’lon qildi.

Dastur doirasidagi hamkorlikning dastlabki bosqichi moliyaviy texnologiyalar, sug‘urta va korporativ texnologiyalar, hamda ta’lim yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Ofis mahalliy korporatsiyalar va agentliklar uchun startaplar bilan yaqindan hamkorlik qilish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratishga, qolaversa, mintaqadagi startap ekotizimini jadallashtirishga xizmat qiladi.

“Plug and Play” bilan hamkorlik, shuningdek, startaplarga xalqaro bozorga chiqishga yordam beradi, negaki ular butun dunyo bo‘ylab 40 dan ortiq vakolatxonalardan iborat global tarmoqqa qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

“Plug and Play” o’z venchur fondiga ega va buning natijasida Dropbox, Guardant Health, Honey, Lending Club, N26, PayPal va Rappi kabi yuzlab muvaffaqiyatli kompaniyalarga sarmoya kiritishga muvaffaq boʻlgan.