Avvalroq 20-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Unda O‘zbekistonda xususiy klinika ochishga $140 mln so‘mgacha ajratilishi ma’lum qilindi.
Hozirning o‘zida viloyatdagi 20 ming oilada uy-joyga ehtiyoj bor. Joriy yilda 7 700 ta xonadon qurilishini yakunlash, aholi zich bo‘lgan Shahrisabz va Qarshi shahri, Kitob, Koson, Chiroqchi, Yakkabog‘da yana 5 ming xonadonli uylar qurishni boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xonadonlar energiya samarador tizimga o‘tishi uchun Ko‘kdala va Nishon tumanlari, Qarshi shahridagi ijtimoiy obyektlar va xonadonlarga quyosh paneli, geliokollektor o‘rnatishiga ko‘maklashish topshirildi.
Viloyat boshqarmalari va tuman bo‘limlari esa yil yakunigacha binosiga kamida 20 kVtli quyosh panellari o‘rnatishi belgilandi.
Mas’ullarga mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan “ichki ishlar organlari mintaqaviy boshqaruv tizimini” joriy etish topshirildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizm bo‘yicha tizimi Shahrisabz shahrida joylashadi va ushbu 5 ta tumanda jinoyatchilikni jilovlashga mas’ul bo‘ladi.
Hozirda Qashqadaryoda 5,5 ming ishsiz yoshlar bor, yana 36,5 ming bitiruvchi mehnat bozoriga kirib kelayapti. Yoshlarni Yoshlar biznesi dasturi, 13 ming nafar oliygoh bitiruvchisini Kelajakka qadam dasturiga qamrab olib, ularning tadbirkorligi va bandligiga ko‘maklashish topshirildi. Yana 5 ming yoshlar qishloq xo‘jaligida daromadli bo‘ladi.
Viloyatdagi 34 ta sog‘liqni saqlash muassasasida pullik xizmatni raqamlashtirish hisobiga tushum 15 mlrd so‘mga oshdi.
Mutasaddilarga bir oyda korrupsiyaviy holatlar salmog‘i katta bo‘lgan ta’lim, bandlik, qurilish sohalarida, Qarshi shahri, Koson va Qarshi tumanida ushbu tajribani ommalashtirish, viloyatni “korrupsiyadan holi” qilish bo‘yicha tizimli ishlash topshirildi.
Dehqon bozorlarida narx-navoning barqarorligini ta’minlash bo‘yicha Qashqadaryoda yangi tizim qilinadi. Mutasaddilarga barcha dehqon bozorlari faoliyatini raqamlashtirish topshirildi.
Joriy hafta boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi barqaror bo‘lishi shartligini qayd etgandi. Ular narxi keskin oshmasligi hamda korxonalar “soya"dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek sifatida qaytarish tartibi tasdiqlanganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Muborak gazni qayta ishlash zavodi yonida sanoat zonasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Loyiha jami 200 gektar maydonda amalga oshirilib, unda klaster asosida neft-kimyo, elektrotexnika, robototexnika va qurilish materiallari bo‘yicha 5 ta yirik loyiha ishga tushiriladi.