Avvalroq 20-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi. Unda O‘zbekistonda xususiy klinika ochishga $140 mln so‘mgacha ajratilishi ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda yo‘l va infratuzilma masalalariga e’tibor qaratildi. G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu yo‘lining viloyatdan o‘tgan 100 km qismini rekonstruksiya qilish hisobiga hududning tranzit salohiyatini 3 baravar oshirish mumkinligi qayd etildi.
Loyihaga Qarshi shahridagi yangi aylanma yo‘lning qolgan 13 km qismi ham qo‘shilsa, aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan tirbandlik masalasi hal bo‘ladi. Mutasaddilarga bu borada 2026-yildan amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Shuningdek, Qarshi-Shahrisabz-Kitob magistral yo‘lining 106 km.da rekonstruksiyani boshlab, 4 tasmagacha kengaytirish, Qamashi va Yakkabog‘ markazidan aylanib o‘tadigan 34 km.li yangi yo‘l qurilishini boshlash vazifasi qo‘yildi. Birinchi yo‘lning ikki tomoniga 1 mlnta daraxt ekib, “yashil belbog‘” yaratish zarurligi qayd etildi.
Toshkent-Termiz yo‘lining Qashqadaryo hududidan o‘tgan 60 km qismi ham 4 tasmali qilinib, sement-beton qoplamaga o‘tkaziladi. Joriy yilda bu yo‘lning 20 km.ni qurib bitkazish topshirildi.
Qashqadaryoda 3 ming km tuproq qoplamali yo‘l bor. Mutasaddilar oldiga bu yo‘llarni to‘liq shag‘al qoplamaga o‘tkazishni boshlash vazifasi qo‘yildi. Viloyatdagi 9 ta ko‘prikni to‘liq ta’mirlashga topshiriq berildi.
So‘nggi 8 yilda ajratilgan 1,7 trln so‘m hisobidan viloyatda markazlashgan suv ta’minoti 32% dan 61% ga chiqdi — bu mamlakatda eng past ko‘rsatkich.
Viloyatda suv va kanalizatsiyani yaxshilashga bu yil 800 milliard so‘m ajratilgan. Mutasaddilarga buning hisobiga 183 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 8 ta suv inshooti qurilishini yakunlash topshirildi.
Qarshi shahri kanalizatsiya tizimini yaxshilash ishlarini ham shu oyda boshlash shartligi qayd etildi. Bunga xalqaro moliya institutidan $60 mln jalb qilingan. Qarshida suv ta’minoti 97% bo‘lsada, suv olib boradigan 110 kilometrli magistral quvurning yarmidan ko‘pi eskirgan, suv yo‘qotish yuqori.
“Shu bois, qanchalik qiyin bo‘lmasin, Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha ichimlik suvi tarmog‘i tortishimiz kerak”, — dedi prezident.
Mutasaddilarga ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
19-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumanidagi Hisorak suv ombori yaqinida barpo etilgan kichik gidro elektr stansiyasini ko‘zdan kechirgandi. Uning qurilishi to‘liq mahalliylashtirish doirasida amalga oshirildi. Loyiha qiymati $1,5 mlnni tashkil etadi. Natijada yiliga o‘rtacha 5 mln metr kub tabiiy gaz tejaladi. Ishlab chiqariladigan elektr energiya 7 300 ta xonadonga yetadi.
Avvalroq Muborak gazni qayta ishlash zavodi yonida sanoat zonasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Loyiha jami 200 gektar maydonda amalga oshirilib, unda klaster asosida neft-kimyo, elektrotexnika, robototexnika va qurilish materiallari bo‘yicha 5 ta yirik loyiha ishga tushiriladi.