Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi aholining bank xizmatlari sifatiga bo‘lgan munosabatini o‘rgandi.
Tadqiqotda O‘zbekistonning barcha hududlaridan 1100 nafardan ortiq bank xizmatlaridan foydalanuvchilar ishtirok etdi. Unda mijozlarning kreditlash va depozit xizmatlaridan tortib raqamli vositalar va maslahat ishlarigacha bo‘lgan turli yo‘nalishlardagi xizmatlarga munosabati tahlil qilindi.
Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 94%i kamida bitta faol bank kartasiga ega bo‘lib, ko‘pchilik bir vaqtning o‘zida bir nechta bank kartasidan foydalanadi.
Banklar xizmat ko‘rsatish muddatlariga rioya etilishi va muammolar tez hal qilinishi mos ravishda 80% va 82,4% ishtirokchilar tomonidan ijobiy baholangan.
Depozit xizmatlaridan umumiy qoniqish darajasi 90% ni tashkil etdi, norozi bo‘lganlar ulushi esa 4% atrofida. Respondentlarning 64%i ish haqi kartasiga xizmat ko‘rsatadigan bankda omonot ochgan.
Shu bilan birga, 51% ishtirokchi kredit majburiyatlariga ega. Qarz oluvchilarning 55%i ish haqi kartasiga xizmat ko‘rsatadigan bankdan kredit olgan.
Kredit olganlarning 77% dan ortig‘i o‘z bankidagi kredit shartlari va xizmatlaridan to‘liq mamnun. Boshqa banklar mijozlari orasida esa ushbu ko‘rsatkich 82% dan yuqori.
Ishtirokchilarning 38%i kredit xizmatlari, 25%i to‘lov xizmatlari, 11%i pul o‘tkazmalari hamda har biri 9% dan depozitlar va valyuta operatsiyalarini yaxshilash zarurligini bildirgan.
Aholining 63%i xizmat ko‘rsatuvchi bank o‘zlari yashaydigan hududda joylashganini qayd etgan — bu bank xizmatlarining yuqori darajada mahalliylashtirilganidan dalolat beradi.
Bank tanlashda respondentlarning 32%i xizmat sifati, 28%i esa yaqinlari va tanishlari tavsiyasini asosiy omil sifatida ko‘rsatgan. Yana 21% mijoz uchun xizmatlarning oson va qulayligi, 14%i uchun esa bankning ishonchliligi va tezkorligi muhim bo‘lgan.
Shuningdek, bank brendini tanlashda 70% ishtirokchi do‘stlarining tavsiyalariga, 14%i esa internetdagi ma’lumotlarga tayanadi.
Respondentlarning 27%i faqat naqd puldan, 32%i esa naqd va naqdsiz to‘lov usullaridan foydalanadi. Aholining 40%i daromadlarini naqd shaklda olishini asosiy sabab sifatida ko‘rsatgan. 35% ishtirokchi masofaviy xizmatlarga ishonchsizlik, 12%i esa qog‘oz chek olish zarurligi tufayli naqd pulga ustuvorlik beradi.
Tahlil bank xizmatlaridan qoniqish darajasi yuqori ekanini ko‘rsatdi. Kreditlash va depozit xizmatlari bo‘yicha respondentlarning qariyb 80%i ijobiy fikrda. Ularning yarmidan ko‘prog‘i xizmat sifatini “juda yaxshi” deb baholagan, faqat 16%i norozi ekanini bildirgan.
Depozit mahsulotlaridan foydalanganlarning 80%i xizmatdan mamnun, ulardan 60%i xizmat sifatini yuqori baholaydi. Tanqidiy fikr bildirganlar ulushi — 15%.
Ishtirokchilarning 81%i to‘lovlar, 66%i valyuta operatsiyalari va 78%i pul o‘tkazmalari bo‘yicha bank xizmatlarini yuqori baholagan. Har bir yo‘nalishda salbiy fikr bildirganlar ulushi 14% dan oshmagan.
Bank komissiyalariga nisbatan 52% ishtirokchi to‘lovlarni adolatli deb bilsa, 28%i qisman roziligini bildirgan, 12% esa umuman norozi.
Xizmatlar xilma-xilligini 55% respondent to‘liq, 27%i qisman ijobiy baholagan. Faqatgina 9%i bank xizmatlarini tanlash cheklangan deb hisoblaydi.
O‘rganishlar O‘zbekiston bank tizimida mijozlar qoniqish darajasi barqaror oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Aksariyat mijozlar kreditlash, depozit, to‘lov va valyuta operatsiyalaridan mamnun, deya qayd etadi ITIM.
Shu bilan birga, raqamlashtirish, depozit mahsulotlari qamrovini kengaytirish va xizmat shartlarining shaffofligini oshirish bo‘yicha hali yechilmagan muammolar ham mavjud.
Avvalroq Markaziy bank may oyida 13 ta bankka jarima qo‘llagani haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, 17 ta bank ustav kapitali va muammoli kreditlarni undirish bo‘yicha talablarni bajarmagan taqdirda chora va sanksiyalar qo‘llanilishidan ogohlantirildi.