O‘zatom agentligi va Rosatom davlat korporatsiyasi mahsulotlarga radiatsiyaviy ishlov berish sohasida kelishuvga erishdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

20-iyun kuni Moskvada O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev va Rosatom’ning radiatsiyaviy ishlov berish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul boshqaruv tizimidagi tashkilot bosh direktori Artur Kolontayev o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjat O‘zbekistonda tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalarida ko‘p tarmoqli ionlashtiruvchi qayta ishlash markazlarini tashkil etish borasida uzoq muddatli hamkorlikni nazarda tutadi.

Artur Kolontayev Rosatom mamlakatga oziq-ovqat xavfsizligi va aholi salomatligini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekistonning eksport imkoniyatlarini rivojlantirishda radiatsiya texnologiyalaridan foydalanishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

“Ko‘p tarmoqli ionlashtiruvchi ishlov berish markazlarini rivojlantirish tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalarini modernizatsiya qilish, yuqori darajadagi sterilizatsiyani ta’minlash, mahsulotlarni saqlash muddatlarini uzaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi”, — dedi O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev.

Ko‘p tarmoqli ishlov berish markazlari tibbiy buyumlar, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ionlashtiruvchi ishlov berish uchun binolar, muhandislik tizimlari va uskunalar majmuasidir. Bu sterillikni ta’minlash darajasi 10 (6-) bo‘lgan usul hisoblanadi.

Bunday ishlov berish oziq-ovqat mahsulotlarini dezinseksiya va dekontaminatsiya qilish, patogen mikroorganizmlarni bartaraf etish imkonini beradi, inson salomatligi uchun xavfsizdir.

Ionlashtiruvchi ishlov berish usulining xavfsizligi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi agentligi, Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan.

Avvalroq O‘zatom va Rosatom o‘rtasida O‘zbekistonda katta quvvatli AES qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzolangani haqida xabar berilgandi.