Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi bank va moliya tashkilotlariga mijozlarning to‘lov qobiliyatini aniqlash uchun “Alternativ skoring” kredit hisobotini joriy etdi. Bu haqda kredit byurosining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kredit hisoboti tizimi joriy yilning 23-iyunidan boshlab ishga tushirildi. U orqali rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarning to‘lov qobiliyati muqobil usullardan foydalangan holda baholanadi.
Bunda qarz oluvchilarning so‘nggi 12 oylik moliyaviy faolligi ularning quyidagi to‘lovlari asosida skoring qilinadi:
- bank kartasi tranzaksiyalari;
- Majburiy ijro byurosi ma’lumotlari, shu jumladan belgilangan va to‘langan aliment to‘lovlari;
- kommunal to‘lovlar ma’lumotlari.
Bundan tashqari, kredit hisoboti orqali bank va nobank tashkilotlari ushbu ma’lumotlar asosida shakllangan skoring bali to‘g‘risidagi ma’lumotni ham olishlari mumkin bo‘ladilar.
Bir dona “Alternativ skoring” hisoboti narxi BHMning 0,05 barobarini — 18 750 so‘m (1-avgustdan — 20 600 so‘m) ni tashkil etadi. Bunda narxlar QQSsiz ko‘rsatilgan.
Yil boshida qabul qilingan prezident farmoni bilan rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolarga ipoteka krediti ajratishda ularning to‘lov qobiliyatini xarajatlar orqali skoring qilish tartibini joriy etish belgilangandi.
Kredit byurolariga “Elektron hukumat” tizimi platformasi orqali rasmiy daromadsiz fuqarolarni aniqlash, ularni identifikatsiya va skoring qilish uchun Soliq qo‘mitasining tegishli ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Avvalroq kredit rasmiylashtirilishini onlayn taqiqlash imkoni yaratilgani haqida xabar berilgandi. Xizmatdan Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi saytidan bepul foydalanish mumkin.