23-iyun kuni Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish terminalida kapsula mehmonxona ochildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur mehmonxona Qo‘noq brendi ostida tashkil etilgan bo‘lib, endilikda tranzit, ichki hamda qo‘shni davlatlardan parvozdan bir necha soat oldin kelgan yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tishdan oldin steril bo‘lmagan hududda dam olishlari mumkin bo‘ladi.
Mini-mehmonxonada oltita kapsula mavjud — to‘rtta standart bir kishilik kapsula va ikkita oilaviy (ikki kishilik) kapsula.
Bunda bir kishilik standart kapsula tariflari soatiga qarab quyidagicha farqlanadi:
- 4 soatgacha — 400 ming so‘m;
- 6 soatgacha — 600 ming so‘m;
- 8 soatgacha — 800 ming so‘m.
Ikki kishilik standart kapsula tariflari esa quyidagicha:
- 4 soatgacha — 600 ming so‘m;
- 6 soatgacha — 800 ming so‘m;
- 10 soatgacha — 1 mln so‘m.
Ularning har biri individual yopiq joy bo‘lib, ortopedik matras va matrasli krovat, choyshablar to‘plami, individual shamollatish va yoritish tizimlari, rozetkalar va zaryadlash moslamalari uchun USB-portlar bilan jihozlangan.
Bundan tashqari, bu yerda shaxsiy seyf, oyna, kiyim ilgich va soatli ekran mavjud. Kapsula optimal mikroiqlimni o‘zida saqlab turadi.
Toshkent aeroportining steril zonasida kapsulali mehmonxona ochilishi 2023-yilning bahorida ma’lum bo‘lgandi. Mehmonxona ikki qavatdan iborat, 27 ta turar joyni tashkil etishi belgilangandi.
O‘tgan yil boshida aeroportining jo‘nab ketish terminalida mehmonxona o‘z faoliyatini boshladi. Lekin bu kapsulali mehmonxona emas, balki ikki qavatda jami 24ta kichik xonalarga ega mehmonxona bo‘ldi.
Avvalroq Toshkent aeroporti terminalida birinchi marta kutib oluvchilar zonasi tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Aeroport uchib kelish zali rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlanib, terminal fasadini oldinga surish hisobiga 120 o‘rindiqli hudud tashkil etildi.