“Elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida"gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning Huquqiy axborot kanalida ma’lum qilindi.
Nizom elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Unga ko‘ra, kuryer tadbirkor hamda yetkazib berish xizmati operatorlari bilan mehnat shartnomasi va fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida tovarlarni yetkazib beruvchi jismoniy shaxs, shu jumladan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hisoblanadi.
Yetkazib berish xizmati operatorlari va kuryerlar, shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, xaridorlardan tovar va yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilishga haqli. Bunda, nazorat-kassa texnikasini majburiy qo‘llash yoki elektron yoxud qog‘oz shaklida chek (kvitansiya) taqdim etilishi lozim.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda transport vositalari va termokonteynerlarning toza hamda soz holatda bo‘lishi, muntazam yuvilishi va dezinfeksiya qilinishiga amal qilish lozim.
Kuryerga tovarning qadog‘ini o‘zboshimchalik bilan ochish, xaridorlarning shaxsiy ma’lumotlari va yetkazib berilayotgan tovar haqidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Avvalroq Wildberries O‘zbekistonda buyurtmalarni kuryer orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Xizmat hozirda faqat Toshkent shahridagi mijozlar uchun mavjud bo‘lib, tarqatish punktlaridan buyurtmalar 4 soat ichida bepul yetkazib beriladi.