E’tibor qarating: ma’lumotlar faqat nashr etilgan vaqtdagina aktual hisoblanadi va ma’lumot olish uchun taqdim etilgan.
Markaziy bankning 23-iyun holati bo‘yicha bergan ma’lumotida, dollarning so‘mga nisbatan qiymati 12 496,94 so‘mni tashkil qilmoqda.
Amerika valyutasi 19-iyun kuni belgilangan 12 559,26 so‘m qiymatga nisbatan 62 so‘m 32 tiyinga pasaydi.
23-iyun kuni sotish kursi KDB Bank Uzbekistan va Infinbankda 12 555 so‘mni tashkil etmoqda. Qolgan banklarda esa sotish narxi 12 550 so‘mdan 12 500 so‘mgacha belgilandi.
Banklarda sotib olish narxi esa 12 495 so‘mdan 12 355 so‘mgacha yetdi.
20-iyun kuni dollarning so‘mga nisbatan kursi 62 so‘m 32 tiyinga pasayib, 12 496,94 so‘mni tashkil etgandi.
Bundan oldin 19-iyun kuni dollarning rasmiy kursi 2024-yil 1-avgustidan beri bunday eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
May oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 164,9 so‘mga yoki 1,28% ga qimmatlab, 12 768,26 so‘mni tashkil qildi. Oy davomida dollar 12 900 so‘mdan yuqori pozitsiyani saqlab qoldi va 17-apreldan beri birinchi marta 12 980 so‘mlik chegarani kesib o‘tdi. Biroq, 27−30 may kunlari milliy valyuta keskin 170 so‘mdan ko‘proqqa mustahkamlanib, may oyini 2024-yil 4-oktabrdan beri eng yuqori ko‘rsatkich bilan yakunladi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Spot’ga bergan izohida 2025-yilda milliy valyuta kursining barqarorligi sabablarini tushuntirgandi.
“Birinchidan, [dollar] kursiga pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi ta’sir qiladi. Ikkinchidan, bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yaxshi kirib kelmoqda. Uchinchidan, birinchi chorakda import ilgargi katta ta’sir ko‘rsatgan darajada o‘smadi. Shuningdek, oltinni hisobga olmaganda tovarlar eksporti ham oshdi”, — dedi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari.
Avvalroq yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning davlat qarzi $2,22 mlrdga oshib, $42,4 mlrddan ortiqni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.