O‘zbekistonda Yadro tibbiyoti markazi tashkil etiladi. Bu haqda O‘zatom atom energiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiyot forumi doirasida O‘zatom va S. Berezin nomidagi tibbiyot instituti o‘rtasida O‘zbekistonda Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Hujjat O‘zbekistonda onkologik tibbiy yordamni mukammallashtirish muhimligini inobatga olgan holda, yuqori texnologiyali tibbiyot, xususan, yadroviy tibbiyotni takomillashtirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Loyiha O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ishtirokida amalga oshiriladi.

Bitim PET/KT, siklotron, MRT, KT, gamma-pichoq tizimi, kiber-pichoq yoki yuqori aniqlikdagi chiziqli tezlatkich bilan jihozlangan Yadro tibbiyoti markazi, radiofarmpreparatlar laboratoriyasini tashkil etishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, radionuklid terapiyasini yo‘lga qo‘yish va izotop tadqiqotlari spektrini kengaytirish ham rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, agentlik bitim imzolanishi avvalida O‘zatom agentligi vakillari institut tajribasini o‘rganish maqsadida onkologiya klinikasi va Proton terapiya markaziga tashrif buyurib, muassasalarning infratuzilmasi va texnologik imkoniyatlari bilan tanishganini qayd etdi.

Avvalroq O‘zatom va Rosatom O‘zbekistonda mahsulotlarga ionlashtiruvchi ishlov berish markazlarini tashkil etishi haqida xabar berilgandi.