O‘zbekistonda ikkita xorijiy kompaniya bilan xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish sohasidagi loyihani amalga oshiradi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Saudiya Arabistonining Vision International Investment (VIIC) kompaniyasining rivojlanish bo‘yicha bosh direktori Kapil Lalvani hamda Fransiyaning Suez International kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Paul Bourdillon o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
Kelishuv xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish bo‘yicha uch bosqichli loyihani ishlab chiqish uchun hamkorlikni nazarda tutadi. Loyihaning umumiy qiymati — $78 mln.
Birinchi bosqichda chiqindilarni barqarorlashtirish va poligonlarga joylashtirish majmualari hamda mintaqaviy uzatish stansiyalarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi bosqichda chiqindidan yoqilg‘i olish (RDF — Refuse-derived fuel) uskunasi, yoqish inshootlari va issiqlik bilan ishlov berish korxonasining muhandislik oldi loyihasini ishlab chiqish va tajriba asosida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Uchinchi bosqichda esa to‘liq miqyosdagi RDF, issiqlik bilan ishlov berish inshooti barpo etilib, ishga tushiriladi.
Joriy yilning mart oyida prezident chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qarorlarni imzoladi. U bilan Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlarida chiqindi yoqish zavodlari qurilishi rejalashtirilgan.
Undan keyin davlat rahbari farmoni bilan chiqindilarni qayta ishlash sohasidagi asosiy yo‘nalishlar belgilandi. Xususan, mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarini 2030-yilgacha 50%ga qisqartiriladi. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tizimida chiqindi poligonlari hududida chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlashga ixtisoslashgan sanoat zonalari 30 yilgacha tashkil etiladi.
Avvalroq Spot avtomobildan chiqindi tashlaganlik uchun jarimalar miqdorini oshirish taklif etilgani haqida yozgandi.