Shavkat Mirziyoyev 23-iyun kuni tashqi savdo va transport-logistika sohalarida kechiktirib bo‘lmaydigan choralar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi kunlarda Yaqin Sharqda ro‘y bergan harbiy harakatlar shundoq ham notinch vaziyatni yanada keskinlashtirgani, bu O‘zbekistonning jahonga chiqish yo‘llariga va tashqi savdo aloqalariga salbiy ta’sir etishi mumkinligi qayd etildi.

Shu bois vaziyatni to‘g‘ri baholab, tashqi savdo, investitsiya, transport sohalarida tezkor choralar ko‘rish shartligi qayd etildi.

Xususan, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, yuklarni boshqa xavfsiz portlarga ko‘chirish zarurligi ta’kidlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu tashish xarajatining 30% gacha oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois hamkor davlatlar bilan muqobil yo‘llarni kelishish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Transport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa daxldor idoralar rahbarlariga tadbirkorlar bilan yaqindan ishlab, eksport-import amaliyotlariga ko‘maklashish, mahsulotlariga qo‘shimcha bozorlar topish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarishni izchil davom ettirish, ichki bozorda narx barqarorligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Avvalroq O‘zbekiston va Bolgariya qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar geologiya sohasida hamkorlik qilishi, klinik tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirishi mumkin.