TechCrunch Startup Battlefield 2025 tanlovining mintaqaviy bosqichi bo‘lgan Road to Battlefield musobaqasida ishtirok etish uchun startaplardan arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda StartupBase platformasi ma’lum qilmoqda.

Musobaqa Markaziy Yevroosiyoning Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi mamlakatlaridan bo‘lgan jamoalar uchun o‘tkaziladi.

Eng sara loyihalar San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan global finalda mintaqa nomidan ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tanlovda rivojlanishning dastlabki bosqichlarida (“A” seriyagacha) bo‘lgan texnologik tarmoqlardagi startaplar ishtirok etishi mumkin. Jamoa minimal hayotiy mahsulotga (MVP) ega bo‘lishi va kengaytirishga tayyorligini ko‘rsatishi kerak.

Musobaqa bir necha bosqichlarga bo‘linib, birinchi bosqich 21-iyuldan 10-avgustgacha bo‘lib o‘tadi va mamlakatlar ichida da’vogarlar o‘rtasidagi musobaqalarni o‘z ichiga oladi.

Keyin esa milliy saralashdan o‘tgan startaplar 15-avgust kuni mintaqaviy finalda ishtirok etishlari mumkin.

Hakamlar hay’ati Startup Battlefield global finalida ishtirok etish uchun har hafta onlayn tayyorgarlikdan o‘tadigan uchta g‘olibni tanlaydi. U 26−29-oktabr kunlari har yili o‘tkaziladigan TechCrunch Disrupt doirasida bo‘lib o‘tadi.

Arizalar tanlovning rasmiy saytida 15-iyulgacha qabul qilinadi.

Tashkilotchilar uchta finalchi jamoaning har biridan ikkita ishtirokchining San-Fransiskoga sayohat qilishi va shaharda ikki hafta yashashi xarajatlarini qoplaydilar.

Ishtirokchilar TechCrunch Disrupt tadbirida o‘z stendlariga ega bo‘lishadi, shuningdek, soha yetakchilari va venchur sarmoyadorlari bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.


Avvalroq Spot Plug and Play akseleratorining beshinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi.

Mahalliy va xorijiy startaplardan akseleratorda ishtirok etish uchun arizalar 15-iyulgacha qabul qilinadi.