Ulan-Bator shahrida O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistondagi birinchi savdo uyi ochildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
23-iyun kuni Ulan-Batorda Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi arafasida O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, hududlar, tarmoq uyushmalari rahbarlari hamda 300 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etgan forumda o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Tomonlar savdo sohasida meva-sabzavot mahsulotlari, o‘g‘itlar, qurilish materiallari, farmatsevtika, maishiy texnika, to‘qimachilik, poyabzal, go‘sht, charm, jun mahsulotlari eksporti, savdo uylari va ko‘rgazmalar tashkil etish kabi tashabbuslarni ilgari surdi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik yo‘nalishlarida issiqxonalar qurish, tomchilab sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, hosilni saqlash va qayta ishlash bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqildi.
Forum ishtirokchilari jun, aralash matolar, to‘qimachilik va charm mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishga oid qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarni almashdilar.
Shu kuni Ulan-Batorda “Made in Uzbekistan” shourum-ko‘rgazmasi va milliy savdo uyi ochildi. Ko‘rgazmani O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Mo‘g‘uliston bosh vazirining o‘rinbosari Saynbuyangiyn Amarsayxan ochib berdilar.
Ko‘rgazma maydoni 1 053 kv.metrni tashkil etib, unda O‘zbekistonning to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektrotexnika, mebel, farmatsevtika, avtomobilsozlik va tog‘-kon sanoatida ishlab chiqarilgan mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari vakillari Mo‘g‘ulistondagi Khatant International kompaniyasidagi texnologik jarayonlar, qayta ishlash va eksport imkoniyatlari bilan tanishdi.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston to‘qimachilik korxonalari qo‘shma korxonalar tashkil etish, xomashyo yetkazib berish va qayta ishlash, sortlangan kashemir mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, ekologik standartlarga muvofiq ishlab chiqarish jarayonlarini joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Shuningdek, mamlakatning Cashmere Holding LLC kompaniyasi Namangandagi Ideal Tekstil Orzu korxonasi bilan sheriklikda jun tolasini qayta ishlash va tayyor kashemir mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishdi.
Avvalroq O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston yuk tashuvlari uchun yangi yo‘lak tashkil etgani haqida xabar berilgandi. Qirg‘iziston va Xitoy orqali o‘tadigan yo‘nalish yetkazib berish hajmini oshirish va muddatini qisqartirish imkonini beradi.