Avvalroq 23-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev yirik sanoat korxonalarini “yashil” energiya bilan ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda energiya sarfi yuqori bo‘lgan 18 ta tarmoq avtonom energiya ta’minotiga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Bahodir Sidiqov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident qayta tiklanuvchi manbalarga o‘tishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berganini qayd etdi.
Kompaniya 29 MVt quyosh generatsiyasi quvvatlarini yaratgan. O‘zbekneftgaz oktabr oyi oxirigacha 95 MVt quvvatga ega energiya saqlash uchun akkumulyator batareyasini qurishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, prezident qarorlari asosida kompaniyaning 33 mingga yaqin xodimiga o‘z xonadonlarida quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘rnatish uchun foizsiz ssudalar taklif etiladi. Sidiqov bu bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinganini ta’kidladi.
Qarzning maksimal miqdori 30 mln so‘mni tashkil etadi, muddati — 3 yil. Agar O‘zbekneftgaz'ning har bir xodimi 30 mln so‘mdan kredit olsa, kredit dasturining umumiy hajmi 1 trln so‘mga yetishi mumkin.
Bahodir Sidiqov O‘zbekneftgaz xodimlari energiya tejashni rag‘batlantirishga qaratilgan dasturning birinchi ishtirokchilaridan bo‘lishini ta’kidladi.
Prezident 16-iyun kuni Energetika vazirligi va Energiya samaradorligi milliy agentligiga oylik iste’moli 500 kVt/soatdan yuqori bo‘lgan vazirliklar, hokimliklar va davlat korxonalari xodimlari ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Elektr energiyasi iste’moli yuqori bo‘lgan xodimlarga “yashil ta’mirlash” krediti yoki energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tish uchun subsidiya olishda ko‘maklashish rejalashtirilgan. Zarur hollatda budjetdan tashqari jamg‘armadan ssuda berilishi mumkin.
Buning hisobiga yil yakunigacha kamida 100 mingta yuqori iste’molga ega xonadonlar energiya tejamkor tizimga o‘tishi kerak.
Avvalroq Spot Qirg‘iziston avtotransportda ko‘mir eksportini olti oyga cheklagani haqida yozgandi.