Shavkat Mirziyoyev 23-iyun kuni banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilingan.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan fevral oyida yakuniy o‘qishda qabul qilingan va aprel oyi oxirida senatorlar tomonidan ma’qullangan.

U bank muassasalarini sanatsiya qilish va ularni tugatish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni tartibga soladi, shuningdek, bank guruhlari va banklar aksiyalari paketlariga ega bo‘lgan xolding tuzilmalariga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Bu sohada vakolatli organ Markaziy bank hisoblanadi. Bankni sanatsiya qilish tartib-taomili uchun quyidagi barcha shartlarning bir vaqtning o‘zida bajarilishi asos hisoblanadi:

  • bankning to‘lovga qobiliyatsizligi yoki uning yuqori tavakkalchiligi;
  • boshqa banklar yoki Markaziy bank tomonidan ko‘rilayotgan choralar yordamida vaziyatni tartibga solishning imkoni yo‘qligi yoxud ular qo‘llanilganidan keyin 6 oy mobaynida natijalar yo‘qligi;
  • bankning tizimli ahamiyatga egaligi yoki tizimli ahamiyatga ega bo‘lmagan bankni majburiy tugatish orqali belgilangan maqsadlarga erishib bo‘lmasligi.

Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bankka maxsus boshqaruvchi tayinlash huquqiga ega. Sanatsiya qilish mumkin bo‘lgan vositalarga bank aktivlari va majburiyatlarini sotish, vositachi bankni tayinlash, hisobvaraqlardan mablag‘larni olish yoki ularni konvertatsiya qilish kiradi.

Bankni sanatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar Markaziy bank uning aktivlari va majburiyatlari, shuningdek, balansdan tashqari mablag‘lari baholanishini ta’minlashi kerak. Baholovchilar regulyator tomonidan tanlov asosida jalb etiladi.

Baholovchi bank aktivlari va majburiyatlari qiymatini, uning buxgalteriya balansini hamda zarur hollarda boshqa ma’lumotlarni o‘rganib chiqadi. Shundan so‘ng, u bankning sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini o‘tkazish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida o‘z xulosasini taqdim etadi.

Ushbu xulosada bank tugatilganda aksiyadorlar va kreditorlar ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararlar bilan ularning hozirgi zararlari o‘rtasidagi farq aks ettirilishi lozim.

Agar aksiyadorlar va kreditorlarning bankni sog‘lomlashtirish jarayonidan ko‘rgan zararlari uning tugatilishidan ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlardan ortiq bo‘lsa, ular kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘ladilar. Kompensatsiya summasi muassasani tugatish paytida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlar bilan haqiqatda ko‘rilgan zararlar o‘rtasidagi farqqa teng bo‘lishi lozim.

Sanatsiya jarayonini moliyalashtirish uchun Markaziy bank va Omonatlarni kafolatlash agentligi qo‘shma qaror bilan sanatsiya jamg‘armasini tashkil etadi. U qarz olish, davlat byudjetidan transfertlar, grantlar va boshqa qonuniy manbalar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.

Sanatsiya jamg‘armasi mablag‘laridan nafaqat kompensatsiyalar to‘lash uchun, balki quyidagi maqsadlarda ham foydalanish mumkin:

  • sanatsiya qilinayotgan bankka yoki vositachi bankka qarzlar ajratish;
  • sanatsiya qilinayotgan bankning yoki vositachi bankning majburiyatlari bo‘yicha kafolatlar berish;
  • aktivlar va majburiyatlarni topshirish hamda sotish chog‘idagi kafolatlar;
  • aktivlar va majburiyatlar qiymati o‘rtasidagi farqni ularni berish chog‘ida oluvchiga (shu jumladan vositachi bankka) qoplash.

Zarur hollarda, Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bankning shartnomalar bo‘yicha to‘lov majburiyatlarini 6 haftadan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish huquqiga ega. Shuningdek, regulyator sanatsiya qilinayotgan bankning barcha yoki alohida operatsiyalari va tranzaksiyalarini cheklashi, majburiyatlarni bekor qilishi, ularni to‘lash muddatlarini yoki ular bo‘yicha foizlar shartlarini o‘zgartirishi mumkin.


Avvalroq Spot Markaziy bank may oyida 13 ta bankka jarima qo‘llagani haqida yozgandi.

Bundan tashqari, 17 ta bank chora va sanksiyalar, 13 ta bank esa jarimaga tortilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.