Qonunchilik palatasi deputatlari “Valyuta va qimmatbaho metallar muomalasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda Oliy Majlis quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi bilan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda olganlik yoki o‘tkazganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etish taklif etilmoqda.

Tegishli o‘zgartirishlar Jinoyat kodeksining 177-moddasi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 170-moddasiga (valyutani qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) kiritilmoqda.

Valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. Amalda buning uchun mansabdor shaxslarga BHMning 8 baravaridan 12 baravarigacha (3−4,5 mln so‘m) jarima solinadi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Shamsiddin Sohibnazarov 2020-yildan buyon qimmatbaho metallar va toshlarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 99 ta holat aniqlanganini ma’lum qildi. Huquqbuzarliklar natijasida 44 mlrd so‘mlik oltin, kumush, olmos va zumradlar musodara qilingan.

Qora bozorda oltin mahsulotlari aylanmasi $600 mlnga baholanmoqda. 2020-yilda mustaqil oltin izlovchilar qariyb 40 kg oltin qazib olib, davlatga sotgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 100 barobarga kamaygan. Sohibnazarov buni xomashyolarning noqonuniy aylanmasi bilan izohladi.

Avvalroq Spot YTTlarga ham zargarlik buyumlari savdosiga ruxsat berilishi haqida yozgandi. Joriy yilda birjaga chiqariladigan oltin hajmini oshirish hamda hududlardagi zargarlik markazlari uchin oltin zaxirasini yaratish rejalashtirilmoqda.