Jahon banki O‘zbekistonga $150 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.
Mablag‘lar kichik gidroenergetika sohasini rivojlantirish va butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga qaratilgan yangi loyihani amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.
Loyiha xususiy sektor, jumladan, mahalliy kichik gidroelektr stansiyalari ishlab chiquvchilari va banklar ishtirokida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston hukumati 3 mingga yaqin KGES qurilishiga sarmoya kiritishni va 2026-yilgacha ularning o‘rnatilgan quvvatini 160 MVtga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu 280 ming kishini qo‘shimcha elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan va O‘zbekiston Energetika vazirligi tomonidan 2025−2030-yillarda amalga oshiriladigan yangi loyiha ushbu maqsadga erishishga yordam beradi.
Loyiha 2030-yilga borib umumiy o‘rnatilgan quvvati 150 MVt gacha bo‘lgan KGES qurilishini moliyalashtirish imkonini beradi.
Ularda yiliga 520 gigavatt-soatdan ziyod ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, loyiha karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 430 ming tonnagacha qisqartirishga yordam beradi.
Hozirgi kunda loyiha doirasida mamlakatning turli hududlaridagi mavjud sug‘orish kanallarida KGES qurish uchun 270 ga yaqin qulay maydonlar oldindan aniqlangan. Ularning aksariyati (93%) 100 dan 1000 kVt gacha quvvat imkoniyatiga ega.
Loyiha doirasida moliyalashtiriladigan KGESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Hududiy elektr tarmoqlari tomonidan sotib olinadi.
U qayta tiklanadigan energiyaning ishonchli manbaiga aylanadi, energiya balansini diversifikatsiya qilish imkonini beradi, energiya bilan kam ta’minlangan hududlar va qishloq joylarda uy xo‘jaliklari va xususiy sektorning elektr ta’minotini yaxshilaydi.
Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonda irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilash uchun $200 mln kredit ajratishi haqida yozgandi.
Mablag‘lar irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.