Bolt mobillik va yetkazib berish xizmati sinov tariqasida O‘zbekiston shaharlaridan birida ishga tushirilishi mumkin. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Londonda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev Bolt kompaniyasining Hamkor bozorlar bo‘yicha global direktori Gert-Yan Kistemaker bilan uchrashdi. Unda O‘zbekistonda Bolt platformasini ishga tushirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar platformani mamlakatning yirik shaharlaridan birida pilot loyiha sifatida amalga oshirish va uni kelajakda kengaytirishga qiziqish bildirdilar.

Bolt taksi, oziq-ovqat va yuk yetkazib berish, elektrosamokatlar xizmati kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Platforma mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishi kutilmoqda.

Yil boshida Estoniya kompaniyasining jamoatchilik va davlat organlari bilan aloqalar bo‘limi rahbari Yuliya Malich bilan IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgandi. Unda hamkorlik istiqbollari, O‘zbekistonda startaplar ekspertizasini oshirish va texnologiyalarni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

IT Park vakillari kompaniya dasturiy ta’minotini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatda Bolt’ning potensial bek-ofisini ochishni taklif qildilar. Farhod Ibragimov texnopark zarur resurslar, jumladan, xodimlarni tanlashda yordam ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidladi.

Yuliya Malich mintaqa “ustuvor ahamiyatga ega” ekanligini ta’kidlab, aholining tez o‘sishi, yosh mutaxassislarning ko‘pligi va raqamli texnologiyalar yangi investitsiyalar va innovatsion yechimlarni ishlab chiqishda mamlakatni “jozibador qilayotgani"ni qayd etdi.

Avvalroq kuryerlik faoliyatini amalga oshirish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi. Kuryerlar to‘lovni qabul qilishda chek yoki kvitansiyani taqdim etishi lozim. Ular oziq-ovqat yetkazib berishda termokonteynerlarni toza saqlashi va dezinfeksiya qilishi kerak bo‘ladi.