Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 1-iyuldan O‘zbekistonda joriy etiladigan eskrou tizimi yangi uy-joylar narxini keskin oshirishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda vazirlik axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov ma’lum qildi.

Usmonov tizim ulushli qurilish ishtirokchilarining huquqlari, uy-joy sotib oluvchilarning pullari kafolatli himoyalanishini qayd etdi.

Ulush kiritish faqat notarial tasdiqlangan va kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Kadastr rasmiylashtiriluvi ulushdor, ya’ni sotib oluvchiga talab qilish huquqini beradi.

Qurilish vazirligi matbuot xizmati rahbari eskrou tizimi qanday ishlashini tushuntirdi. Endilikda, hali bitmagan uydan kvartira sotib olmoqchi bo‘lgan fuqaro, unga o‘z mablag‘larini tiksa, ulushdorga aylanadi. Buning uchun quruvchiga emas, balki bankka to‘lov qiladi.

Ulushdorning pullari alohida eskrou hisobvarag‘ida yig‘ilib boriladi. Uy bitmaguncha quruvchi kompaniya bu pullardan foydalana olmaydi. Turar joyni esa o‘z mablag‘lari yoki bank krediti asosida qurib bitkazadi.

Ulushli shartnoma orqali developer ko‘rsatilgan uyni qurib, o‘z vaqtida topshirish majburiyatini oladi. Bank esa ulushdorning pul mablag‘lari eskrou hisobvarag‘ida yig‘ilishi, xavfsiz saqlanishi, shuningdek, uy-joy qurilishini loyihaviy moliyalashtirishni amalga oshiradi. “Bu bilan uy-joyni o‘z vaqtida sifatli qurib, egasiga yetkazib berishni kafolatlaydi”, — deydi Usmonov.

Eskrou tizimi doirasida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida uy-joylar qurilishi bo‘yicha yagona shaffof elektron platforma yaratildi. Bu tizim 1-iyuldan ishga tushirilib, u orqali developerlar uy-joyni ro‘yxatga qo‘yishlari kerak bo‘ladi, aks holda aholi mablag‘larini ulush kiritish asosida jalb qila olmaydi.

“Mazkur tizim maksimal darajada inson omilidan cheklanib, barchasi integratsiya asosida ishlab chiqilyapti. Developer obyektni platformaga kiritgach, bank tomonidan uyni o‘z vaqtida qura olish imkoniyatlari o‘rganiladi. Qurilish jarayonida ishning bajarilish grafigi nazorat qilib boriladi. Loyihaviy moliyalashtirishdan ko‘zlangan maqsad ham shu”, — deydi Saidnosir Usmonov.

Elektron platformada quruvchi kompaniya va obyekt haqidagi barcha ma’lumotlar, xususan, obyektning loyiha bo‘yicha joylashgan aniq manzili, qavatlari, kirish yo‘laklari, kompaniyaning loyihaviy hujjatlari, ijobiy ekspertiza xulosasi, qurilish boshlanadigan sana va foydalanishga topshirish muddati kabilar bo‘ladi.

Xaridorlar ham platforma orqali quruvchining ruxsatnomasi mavjudligi, reytingi va oldingi loyihalari haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi. Vazirlik ushbu tizim uy-joy qurilishi bozoridagi investitsiyalar xavfsizligi va ishonchli developerlar bozorining shakllanishiga xizmat qilishini kutmoqda.

Shuningdek, Qurilish vazirligi yangi tartib bilan mamlakatda developer-quruvchilarning yangi shaffof reytingi shakllanishini qayd etdi.

Eskrou hisobvarag‘ida jamlangan mablag‘lar ko‘payishi bilan developerlarga loyihaviy moliyalashtirish doirasida amaldagi stavkalarga nisbatan ancha pastroq stavkada mablag‘lar ajratiladi. “Bu esa eskrou tizimi joriy etilgach yangi uy-joylarning narxi keskin oshib ketadi degan ma’lumotlarni inkor etadi”, — deydi Usmonov.

Qurilish bitib, xaridor xonadonni qabul qilgach, uning bank hisobvarag‘idagi pullari developer tashkilotga yo‘naltiriladi. Quruvchi o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, bu pul fuqaroga to‘liq miqdorda qaytarib beriladi. “Ya'ni, uy bitmay qolsa, xaridor kuyib qolmaydi, bankka qo‘ygan pullarini muammosiz qaytarib oladi”.

Fuqarolarning uy-joy uchun to‘lagan pullari har tomonlama himoyalanadi. Xususan, prezidentning tegishli farmoni bilan eskrou hisobvarag‘iga yo‘naltirilgan pul mablag‘larini to‘xtatib qo‘yish yoki hisobdan chiqarish hamda majburiy ijroga qaratish ta’qiqlanadi.

Bundan tashqari, xaridor shartnomani belgilangan tartibda rasmiylashtirib, kadastr organlarida ro‘yxatga olinganidan so‘ng, fuqaro mazkur ulushni uy bitmagan bo‘lsa ham mulk sifatida xadya qilishi, sotishi yoki boshqa bir shaxsga vasiyat qilib qoldirishi mumkin.

Uulushli qurilish sohasidagi mazkur yangi tartib yil oxirigacha ixtiyoriy bo‘ladi, 2026-yildan boshlab qurilishda mablag‘larni jalb qilish faqat eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshiriladi. Shu tarzda, yangi qurilayotgan uylarning vaqtida egalariga topshirilishi ustidan nazorat ta’minlanadi.

Avvalroq Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov eskrou-hisobi iyul oyidan boshlab ishga tushirilishini, raqamli platformani yaratish va sinov loyihaga Rossiyaning DOM.RF kompaniyasi jalb qilinganini ma’lum qilgandi.