Xitoyning bir nechta IT-kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochish istagini bildirdi, deya xabar berdi IT Park Uzbekistan matbuot xizmati.

Texnopark direktori Abdulahad Qo‘chqorov Raqamli rivojlanish vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Shanxayga tashrif buyurdi.

Mehmonlar MWC Shanghai xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib, FiRoam, Shenzhen Newtion Technology, FCTel, AsiaInfo, InfoQuick va boshqa 70 dan ortiq kompaniya vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shenzhen Newtion Technology kompaniyasi O‘zbekistonni yangi bozorlarga chiqishning strategik nuqtasi sifatida baholadi. FRS va Newalink yangi loyihalarni amalga oshirish va mintaqaviy markazlar ochish imkoniyatlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, mehmonlar Foxit’ning PDF-hujjatlar uchun yechimlar ishlab chiquvchi vitse-prezidenti Chjan Lun bilan uchrashdi. Kompaniya O‘zbekistonda mintaqaviy ofis tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Yana bir uchrashuvda Homestyler 3D interyer dizayni platformasining bosh direktori Su Min qatnashdi. U kompaniyaning Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish, jumladan O‘zbekistonda vakolatxona ochish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, IT Park vakillari XNode kompaniyasining vitse-prezidenti Ley Nyu bilan ham uchrashuv o‘tkazdilar. Muzokaralar mavzusi Qozog‘istonning Astana Hub tashkiloti ishtirokida Shanxayda qo‘shma innovatsion markaz tashkil etish rejalari bo‘ldi.

Tashabbus o‘zbekistonlik startaplarga Xitoy bozorida ishga tushirishda yordam berishni nazarda tutadi. Shuningdek, Xitoy texnologik kompaniyalarini hamkorlikka jalb qilish va O‘zbekistonda autsorsing loyihalarini joylashtirish uchun xabdan foydalanish rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot IT Park Yaponiyada o‘z vakolatxonasini ochgani haqida yozgandi.

Bu orqali Yaponiya bilan autsorsing, investitsiyalar hamda IT-ta'lim sohasidagi loyihalarni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.