2025-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistondan issiqxona pomidorlari eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23%ga kamaydi.

Qayd etilishicha, mamlakatning ushbu mahsulot eksporti hajmi ketma-ket to‘rtinchi yil pasaymoqda.

EastFruit tahlilchilari ta’kidlashicha, ushbu mahsulot eksportining barqaror pasayishiga asosiy omillar quyidagilardir:

  • o‘zbek pomidorlari yetkazib beriladigan bozorlarda Turkmaniston pomidorlarining faol kengayishi;
  • O‘zbekiston issiqxona pomidorlarini eksport qilishning asosiy yo‘nalishi bo‘lgan Rossiya bozorida rublning qadrsizlanishi va xarid qobiliyatining pasayishi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston 8,9 ming tonna yangi issiqxona pomidorini eksport qilgan.

2021-yilning shu davridagi eng yuqori ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda, so‘nggi 4 yil ichida ushbu mahsulotlarni jo‘natish hajmi natura ko‘rinishida 3,5 baravarga kamaydi.

eastfruit, eksport, o'zbekiston, pomidor

EastFruit Turkmanistonda issiqxona maydonlarining faol kengayishi, issiqxona pomidorlari ishlab chiqarish hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishi, turkman pomidorlarining o‘zbek issiqxona pomidorlarining 90%dan ortig‘i yetkazib beriladigan mamlakatlar — Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya bozorlariga tez kirib borishi haqida e’lon qildi. Joriy yilning dastlabki 4 oyi ham bundan mustasno bo‘lmadi, bu tendensiya davom etdi.

Mazkur davrda O‘zbekiston issiqxona pomidorlari eksporti hajmining qisqarishiga qo‘shimcha omillar sifatida rublning qadrsizlanishi va Rossiya bozoridagi xarid qobiliyatining pasayishi xizmat qildi. Bu bozorga ushbu mahsulot umumiy eksport hajmining 80%dan ortig‘i yetkazib berilgan edi.

2024-yilining dekabrida EastFruit tahlilchilarining Turkmaniston ko‘proq va O‘zbekiston kamroq darajada issiqxona sabzavotlarini sotishda katta muammolarga duch kelayotgani haqida ma’lum qiligandi.

Asosiy muammo mamlakat uchun eng yirik savdo bozorlaridan biri bo‘lgan rossiyalik iste’molchilarning xarid qobiliyati pasayishi bo‘lgan.


Avvalroq EastFruit O‘zbekistonda limon narxi uch baravarga qimmatlashgani haqida xabar bergandi.

Narxlarning yuqori bo‘lishi hozirgi kunda bozordagi limon import qilinayotganligi va uning narxi asosan O‘zbekiston tashqarisida shakllanayotgani bilan izohlanmoqda.