Shavkat Mirziyoyev 27-iyun kuni Minsk shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida EOII huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi. Davlat rahbari EOII bilan sheriklikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarini bayon qildi.

O‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston mamlakatlar o‘rtasidagi erkin savdo zonasi faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq barcha kelishuvlarni to‘liq bajarib kelayotgani ta’kidlandi.

Mamlakatning savdo operatsiyalarini texnik tartibga solish tartib-taomillarini soddalashtirish va tizimlarini yaqinlashtirishga qaratilgan takliflarni ekspertlar darajasida ishlab chiqishni jadallashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, O‘zbekiston savdoni qo‘llab-quvvatlash vositalari va mexanizmlarida — EOII texnik jihatdan tartibga solishning raqamli tizimi va raqamli transport yo‘laklari ekotizimi, Yevroosiyo qayta sug‘urtalash kompaniyasi kabilarda qatnashishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Elektron savdo, tovarlarni raqamli markirovkalash, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, muayyan tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan alohida dastur qabul qilish taklif etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston o‘tkazish punktlarining yagona integratsiyalashgan axborot tizimida ishtirok etishi mumkinligi ta’kidlandi. Bu chegaralardan o‘tishni tezlashtirish, monitoring samaradorligi va barcha tartib-taomillarning shaffofligini ta’minlash imkonini beradi.

Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan dasturlar doirasida, shu jumladan EOII Ishbilarmonlar kengashi bilan birgalikda amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekiston sanoat loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi hamda Sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferi bo‘yicha Yevroosiyo tarmog‘i platformasining imkoniyatlaridan foydalanishdan manfaatdor ekanligi aytildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari hamkorligi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekistonning EOII mamlakatlari bilan Agrokooperatsiya dasturini qabul qilish haqidagi tashabbusni amalga oshirish shular jumlasidan. Ushbu dastur ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish qoidalarini soddalashtirish, “yashil” yo‘lakning samarali ishlashi va kengaytirilishini nazarda tutadi.

Bundan tashqari, EOII bo‘yicha hamkorlar bilan tartib-qoidalarni soddalashtirish va mehnat resurslari harakatchanligini oshirish bo‘yicha faol ishlar olib borilayotgani munosabati bilan mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalarda kasbiy standartlar va malaka talablarini yaqinlashtirish masalalari yuzasidan ekspertlar maslahatlashuvini o‘tkazish taklif etildi.

Shuningdek, tashkilot doirasida ishga tushirilgan “Chegarasiz mehnat” integratsiyalashgan platformasiga qo‘shilishga tayyorlik ham bildirildi.

Avvalroq O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olgani haqida xabar berilgandi. Tomonlar imtiyozli savdo va investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni imzolashni tezlashtirmoqchi.