Senat O‘zbekistonning Yadroviy zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shilishini ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Konvensiya 1963-yilda qabul qilingan bo‘lib, yadroviy qurilmalar operatorlarining obyektlardagi hodisalar natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarligini belgilaydi.
Shuningdek, hujjatda yadroviy zarardan moliyaviy himoyani ta’minlash uchun minimal talablar belgilangan.
Ayni paytda konvensiyaga 47 ta davlat qo‘shilgan. Ular orasida Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya, Braziliya, Argentina, Saudiya Arabistoni va boshqalar bor.
Yadroviy zarar deganda yadroviy obyektda ionlashtiruvchi nurlanish keltirib chiqaradigan quyidagi yo‘qotishlar tushuniladi:
- odamlarning halok bo‘lishi, tan jarohati olishi;
- mol-mulkka zarar yetkazilganda yoki u yo‘qolganda;
- bunday yo‘qotishlar yoki zararlarga nisbatan da’vo qo‘zg‘atish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning iqtisodiy yo‘qotishlari;
- atrof muhitni tiklash xarajatlari;
- atrof muhit holatining yomonlashuvi natijasida iqtisodiy manfaatdan olinadigan boy berilgan daromadlar;
- oldini olish chora-tadbirlari xarajatlari, ular tufayli yetkazilgan keyingi yo‘qotishlar yoki zarar qiymati;
- boshqa iqtisodiy zararlar, agar fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi qonunda bunga yo‘l qo‘yilsa.
Senatorlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston konvensiyaga qo‘shilganidan keyin mamlakatda fuqarolik atom energetikasi obyektlaridagi hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, uni qoplash tartibi, shartlari va prinsiplari to‘g‘risidagi normalar qo‘llaniladi. Unda yadroviy halokat yuz bergan taqdirda xalqqa tovon puli to‘lash ko‘zda tutilgan.
Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, konvensiyaga qo‘shilish davlatning javobgarligi va yadroviy qurilmalar operatorining majburiyatlarini belgilashga, yadroviy energetikada sug‘urta tizimini joriy etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, milliy yadroviy xavfsizlik tizimiga ishonch ortishi va MAGATE bilan hamkorlik kengayishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot Rossiya ishtirokida O‘zbekistonda Yadro tibbiyoti markazi tashkil etilishi haqida yozgandi.
O‘zatom va S. Berezin nomidagi tibbiyot instituti onkologik yordamni rivojlantirish maqsadida markaz tashkil etishga qaratilgan bitimni imzoladi.