Rossiyada yo‘lovchi tashish sohasida band bo‘lgan migrantlar sonini kamaytirish uchun haydovchisiz taksilardan foydalanish taklif etildi. Bu haqda 360.ru xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus Yangi odamlar partiyasi rahbari Aleksey Nechayev va deputat Anton Tkachevga tegishli hisoblanadi.
Tashabbus mualliflari boshqaruvchisiz taksilarni joriy etish to‘g‘risidagi so‘rovni hukumat raisi Mixail Mishustinga yo‘llagan. Parlament a’zolari yo‘lovchi tashish sohasida chet ellik ishchilar ulushi ortib borayotganini ta’kidlab o‘tdilar.
“Bu haydovchilarning ko‘pchiligi noqonuniy yoki mehnat qonunchiligiga zid shartlarda ishlaydi. Bu esa yo‘lovchilar xavfsizligi uchun qo‘shimcha xavf tug‘diradi”, deya ta’kidlanadi xatda.
Muammoning yechimi sifatida ular haydovchisiz taksilarni joriy etish geografiyasini kengaytirishga chaqirdi. Ularning fikricha, avtonom mashinalar muhojir haydovchilarni almashtirish uchun muqobil bo‘ladi.
“Moskva, Tatariston va “Sirius"da haydovchisiz taksilar sinovining taassurotli natijalarini inobatga olib, Moskvaning o‘zida sinov hududlarini kengaytirishni tezlashtirish hamda Rossiyaning boshqa shaharlarida avtonom tashishlarni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishni so‘raymiz”, deya qo‘shimcha qilishdi deputatlar.
Avvalroq transport vaziri o‘rinbosari Andrey Nikitin haydovchisiz taksilar 2030-yildan keyin ishga tushirilishini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, idora xavfsizlik masalalarini sinchkovlik bilan o‘rganmoqda.
Avvalroq Spot Rossiyada xorijliklar, shu jumladan o‘zbekistonliklar kirishini ro‘yxatga olish ilovasi ishga tushgani haqida yozgandi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun shaxsiy ma’lumotlarni ko‘rsatish va biometrik identifikatsiyadan o‘tish, shu jumladan ovozni yozib olish kerak.