Uzbekistan Airways Isroilga parvozlarni qayta tiklamoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

1-iyuldan boshlab Toshkent-Tel-Aviv-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha reyslar odatdagi tartibda amalga oshiriladi.

Aviakompaniya Yaqin Sharqdagi harbiy vaziyatning keskinlashuvi sababli 16-iyundan 30-iyungacha Isroilga parvozlarni to‘xtatib qo‘ydi. Uzbekistan Airways o‘z qarorini Tel-Aviv xalqaro aeroporti havo hududidan foydalanishga kiritilgan cheklovlar bilan izohladi.

Shu hafta Red Wings va Azimut aviakompaniyalari ham Moskva va Rossiyaning boshqa shaharlaridan Tel-Avivga parvozlar tiklanganini e’lon qildi, deb yozadi Kommersant.

Payshanba kuni Air Samarqand 29-iyun, yakshanba kuni Samarqand-Tel-Aviv yo‘nalishi bo‘yicha 9S 501/502 reysi bekor qilingani haqida xabar berdi.

Bunga Yaqin Sharqdagi havo hududining vaqtincha yopilishi sabab qilib ko‘rsatilgan. Aviakompaniya Isroilga boshqa sanalarda parvozlar amalga oshirilishi haqida qo‘shimcha xabar berishga va’da berdi.


Avvalroq Spot Uzbekistan Airways 2026-yilda ikkita tor fyuzelyajli Airbus A321neo samolyotini olishi haqida yozgandi.

172 o‘rinli laynerlar CALC kompaniyasidan lizingga olinadi hamda ularning bortida internet mavjud bo‘ladi.