O‘zbekiston yadro yoqilg‘isi yetkazib berishdan ikki yil oldin tabiiy uranni boyitish va ishlab chiqarish uchun Rossiyaga yuboradi. Bu haqda O‘zatom matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, mahalliy uran xomashyosini boyitish va qayta ishlash asosida ishlab chiqarish uchun taxminan 2027-yilda Rossiyaga yuborish rejalashtirilgan.
“AES qurilishi bo‘yicha shartnoma shartlariga ko‘ra, yadro yoqilg‘isi birinchi blok bo‘yicha ishga tushirish-sozlash ishlari boshlanishidan oldin, ya’ni taxminan 2029-yil o‘rtalarida yetkazib berilishi kerak”, — deyiladi xabarda.
2024-yil may oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzoladilar.
Loyiha asosida Rossiyaning ishlanmasi — RITM-200N suv-suv reaktori yotadi. Bu kema texnologiyasini quruqlikda joylashtirishga moslashtirishning natijasidir.
Qayd etilishicha, reaktorning issiqlik quvvati 190 MVt, elektr quvvati 55 MVt bo‘lib, xizmat muddati 60 yilgacha davom etadi.
Kichik AESning birinchi reaktorini besh yildan so‘ng — 2029-yil oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Har bir keyingi reaktorni olti oylik oraliq bilan ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa loyiha quvvatiga eng erta 2033-yilda chiqish mumkinligini anglatadi.
Iyun oyi o‘rtalarida Rossiya ommaviy axborot vositalari Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligiga tayanib, O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi qayta ko‘rib chiqilgani haqida xabar berdi. Mazkur loyihaning bosh pudratchisi Rossiyaning Rosatom davlat korporatsiyasi hisoblanadi.
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak PXIF-2025 ko‘rgazmasida O‘zbekiston va Rossiya atom elektr stansiyasini qurishning iqtisodiy parametrlarini muhokama qilayotganini ma’lum qildi.
Shunday qilib, O‘zbekiston va Rossiya kichik AES loyihasini qayta ko‘rib chiqib, uning quvvatini uch barobar — 330 MVt dan 110 MVt gacha pasaytirdi. O‘zbekiston tomoni — na O‘zatom, na Energetika vazirligi — kichik AES qurilishi bo‘yicha shartnoma shartlarining qayta ko‘rib chiqilganligi haqidagi ma’lumotni rasman tasdiqlamadi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston yadroviy zarar uchun javobgarlik to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi haqida yozgandi.
U yadroviy hodisalar oqibatida odamlarning o‘limi, mol-mulkka yetkazilgan zarar va iqtisodiy yo‘qotishlar uchun javobgarlikni nazarda tutadi.