Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning ma’lum qilishicha, ayrim soliq inspektorlari hanuzgacha tadbirkorlardan soliqlarni oldindan to‘lashni so‘ramoqda. Bu haqda u 27-iyun kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tarmoq va sanoat birlashmalari rahbarlari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda aytib o‘tdi.
Uning aytishicha, birinchi yarim yillikda soliq tushumlari 2024-yilning shu davriga nisbatan kamida 25%ga ko‘payadi.
“Biroq, ayrim soliq organlarida hamon shunday holatlar uchramoqdaki, tadbirkorlardan keyingi oy hisobidan 5, 10, 20 mln so‘mni oldindan to‘lashni so‘rashmoqda,” — deya ma’lum qildi Qudbiyev.
Soliq qo‘mitasi raisining ta’kidlashicha, soliq idoralariga soliq tushumlarini ma’lum bir maqsadli ko‘rsatkichgacha oshirish bo‘yicha topshiriq berilmagan. “O‘sish 25% emas, 24% bo‘lsa ham mayli”, — deb aytdi u.
Uning ta’kidlashicha, kichik biznesdan 10 mlrd so‘m yig‘ish uchun 1000 nafar tadbirkordan soliq undirilishi lozim. Qudbiyev soliq tizimidagi kamchilik va muammolarni e’tirof etib, ularni bosqichma-bosqich bartaraf etish va’dasini berdi.
2020-yil oktabr oyida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Alter Ego YouTube kanaliga bergan intervyusida ba’zi tuman soliq inspeksiyalari xodimlarining tadbirkorlarga qo‘ng‘iroq qilib, soliqlarni oldindan to‘lashni so‘rayotgani haqidagi munosabatini bildirgan edi.
“Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Bunday holat kasb mahoratining yetishmasligidan dalolat beradi va jiddiy jazolanishga sabab bo‘ladi”, — dedi Qudbiyev.
Soliq qo‘mitasi rahbari bunday holatlar barcha tumanlarda ham uchramasligiga, qolaversa, bu “yuqoridan” berilgan topshiriq emasligiga e’tibor qaratdi.
Avvalroq Spot Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston Soliq qo‘mitasini isloh qilishga chaqirgani haqida yozgandi.
Tashkilot yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiya ishini yaxshilash va tizimli kamchiliklarni bartaraf etishni tavsiya qilmoqda.