Huquq-tartibot idoralari xodimlari soxta avtosalonlar tarmog‘ini tashkil etgan bir guruh shaxslarni qo‘lga oldi. Bu haqda IIV Tergov departamenti matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ma’lum qildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar Toshkent, Qoraqalpog‘iston va yana 10 ta viloyatda bir qator kompaniyalar tashkil etgan. Ular ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarga avtomobillarni past foiz stavkalarida (6−12%) lizingga berishni taklif qilib, xohlovchilar bilan dastlabki bo‘nak (avans) shartnomalari tuzgan.

Biroq shartnoma bo‘yicha va’da qilingan avtotransport vositasi belgilangan muddatda yetkazib berilmay, fuqarolardan tushgan mablag‘lar o‘zlashtirib yuborilgan. Tergov doirasida 843 nafar shaxs jabrlanuvchi deb topilib, yetkazilgan zarar miqdori 50,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) 4-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Quyidagi to‘qqiz nafar fuqaroga ayblov e’lon qilindi:

  • Abdumannop Abdurahmonov;
  • Dilshod Qodirov;
  • Mirjalol Mahmudov;
  • Muhammadmusa Nigmonjonov;
  • Mirqodir Rahimov;
  • Ixtiyor Saidov;
  • Sarvar Tal’atov;
  • Akrom Toirjonov;
  • Umidabonu Xudayberdiyeva.

Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ularga aloqador tashkilotlarga tegishli 339 ta avtomashina xatlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayblanuvchilar bir xil nomdagi kamida 26 ta yuridik shaxs tashkil etgan, ularning ro‘yxati quyida keltirilgan:

Umid avto companies
Umid Auto Leasing
Ava Orientauto
Umid Savdo Fayz Invest
Group Of Orient Auto
Ava Umidavto
Umid Avto Lizing
Imkon Auto Xizmati
Avto Ijara Hizmati
Umid Auto
Umid Avto Companies
Umid Auto Business Toshkent
Group Of Companies Ual
Busines Orientauto
Orient Auto Leasing
Umid Avto-Tashkent
Umid Auto Xizmati
Orient Auto Toshkent
Orient Auto
Orient Auto Hamkor
Ilgor Lizing
Umid Lizing Tashkent
Imkon Avto Markaz
Orient Finans Lizing
Orient Avto-Lizing
Avtovariant

IIV gumonlanuvchilar faoliyatidan jabr ko‘rgan yoki qo‘lga olinganlarning xatti-harakatlaridan xabardor fuqarolarni Maxsus tezkor shtabga murojaat qilishga chaqirdi. Unga Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i, polkovnik Ramazon Ashropov rahbarlik qilmoqda.

Shtab Toshkent shahri, Taras Shevchenko ko‘chasi, 62-uydagi IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti binosida joylashgan. Unga har kuni soat 9:00 dan 21:00 gacha shaxsan yoki (+998) 71 256−79−39 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin.

Avvalroq 2024-yilda O‘zbekistonda kiberjinoyatchilar fuqarolardan 603 mlrd so‘m o‘g‘irlagani, uch yilda bu 1,9 trln so‘mga yetgani haqida xabar berilgandi. Kiberjinoyatlarning 98%i bank kartalari orqali sodir etilgan. Jinoyatchilar asosan bank kartasi yoki mobil ilova boshqaruvini qo‘lga kiritish uchun zararli havolalar va dasturlar yuboradi.