2025-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston import qilganiga nisbatan biroz ko‘proq gaz eksport qilgan. Bu haqda Spot o‘rgangan Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotida keltirilgan.
Dastlabki besh oy davomida Turkmaniston va Rossiyadan “ko‘k yoqilg‘i” importi ikki baravardan ham ko‘proqqa qisqarib, $285,5 mlnga tushdi. Yanvar oyida tabiiy gaz yetkazib berish $27,8 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, fevral oyida $8 mlngacha, mart oyida esa $2,7 mlgacha kamaydi. Aprel oyida gaz importi $112 mlngacha ko‘tarildi, may oyida esa $135 mlnga yetdi.
Yil boshidan beri Xitoyga gaz eksporti 62,7%ga ko‘payib, $288 mlnga yetdi. Jumladan, yanvar oyida Xitoyga $21,8 mlnlik, fevralda $20,2 mlnlik, martda $52,3 mlnlik, aprelda $105,4 mlnlik, mayda esa $88,3 mlnlik gaz yetkazib berildi.
Biroq, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlaridan biroz farq qiladi, unga ko‘ra O‘zbekiston yanvar-may oylarida $261,85 mlnlik gaz eksport qilgan, bu o‘tgan yilning shu ko‘rsatkichidan 70%dan ko‘proqdir.
Bundan tashqari, Xitoy bojxonasi O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berishning oylik hajmi 64,4%ga — aprel oyidagi $72,24 mlndan $118,78 mlngacha (2024-yil may oyiga nisbatan qariyb 40%ga o‘sish) oshganini ma’lum qildi.
Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha yetakchilik Rossiyaga tegishli bo‘lib, u joriy yilning dastlabki besh oyida $4,06 mlrdlik ko‘k yoqilg‘i yetkazib bergan. Ikkinchi o‘rinda $3,53 mlrd bilan Turkmaniston turmoqda. Keyingi o‘rinlarda Myanma ($663,7 mln), Qozog‘iston ($383,8 mln), shuningdek, kichik hajmdagi eksport bilan AQSh va Italiya joylashgan.
Avvalroq Spot Rossiya 2024-yilda O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni 4 barobardan ortiqqa oshirgani haqida yozgandi.
Gazprom mamlakatga 2023-yilga nisbatan 4,36 mlrd kub metrga ko‘p — 5,64 mlrd kub metr gaz eksport qilgan.