2024-yilda Rossiya O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishni sezilarli darajada oshirdi. Bu haqda Interfaks nashri Gazprom’ning yillik hisobotiga tayanib xabar berdi.

Gazprom o‘tgan yili mamlakatga 5,64 mlrd kub metr gaz eksport qildi. Bu 2023-yilga nisbatan 4,36 mlrd kub metrga yoki 4,4 barobarga ko‘pdir.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi yil eksportdan ko‘ra ko‘proq gaz import qildi. 2023-yilda O‘zbekiston mustaqillik tarixida ilk bor gaz eksportchisidan importchisiga aylandi.

O‘tgan yili Turkmaniston va Rossiyadan ko‘k yoqilg‘i importi 2,41 barobarga oshib, $1,67 mlrdni tashkil etdi. Energetika vazirligi ham, Milliy statistika qo‘mitasi ham mamlakatga gaz importining fizik hajmlari va mamlakat tarkibini ochiqlamayapti.

2024-yilning avgust oyida Gazprom rahbari Aleksey Miller Rossiyadan O‘zbekistonga Markaziy Osiyo — Markaz gaz quvuri orqali gaz yetkazib berish “texnik jihatdan mumkin bo‘lgan maksimal darajada” amalga oshirilayotganini qayd etdi. O‘tgan yilning sakkiz oyida Rossiya gazining Markaziy Osiyoga yetkazib berilishi ikki baravar oshgan.

Noyabr oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishni ko‘paytirish rejalari haqida ma’lum qildi. “O‘tgan yildan boshlab Rossiyadan kelayotgan gaz Qozog‘iston hududi orqali qo‘shni O‘zbekistonga tranzit tarzda yetkazib berilmoqda va biz bunday yetkazib berish hajmini oshiramiz”, — dedi Vladimir Putin.

Gaz ittifoqi

Rossiya gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berilishi 2023-yilning 7-oktabrida boshlandi. Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil oxirigacha tranzit hajmi 800 mln kub metrni tashkil etib, yillik hajm 2,8 mlrd kub metr yetishi kutilmoqda.

Oktabr oyi oxirida Aleksey Miller Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya 15 yilga mo‘ljallangan gaz sohasidagi hamkorlik bitimini muhokama qilayotganini ma’lum qildi. Yetkazib berish hajmini oshirish uchun Rossiya davlat kompaniyasi “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Fevral oyi boshida Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov O‘zbekiston va Rossiya “ma'lum miqdorda gaz yetkazib berishni ko‘paytirish” bilan yangi uzoq muddatli gaz shartnomasini tuzish masalasini muhokama qilayotganini bildirdi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan yili Rossiyadan tabiiy gazni ichki tariflardan ancha qimmat narxda sotib olgan. Ming kub metr narxi $160ni tashkil etgan — bu Turkiya va Xitoy uchun belgilangan narxlardan ancha past. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz narxini konfidensiallikka tayangan holda oshkor qilmadi.

2025-yilda “Gazprom” O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘rt baravarga — 2,8 mlrd kub metrdan 11 mlrd kub metrgacha oshiradi.

Avvalroq aprel oyida O‘zbekiston Xitoyga gaz eksportini ikki barobarga oshirgani, Rossiya va Turkmanistondan import 41 barobarga oshgani haqida xabar berilgandi.