Avvalroq Rossiya prezidenti Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berish 7-oktarbdan boshlanishini ma’lum qilgandi.

Shavkat Mirziyoyev, Vladimir Putin va Qosim-Jomart Toqayev birgalikda bu ikki davlatga Rossiya gazini yetkazib berish jarayoniga start berdi. Bu haqda “TASS” nashri xabar berdi.

Putin avvalroq Markaziy Osiyoga Rossiyada ishlab chiqarilgan gaz hech qachon yuborilmaganiga e’tibor qaratgandi. Endi Rossiya gazi O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali tranzit yo‘l bilan keladi, uning bir qismi esa Qozog‘istonga ham yetkazib beriladi.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu butun mintaqaning energiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli loyihadir.

“Gazprom” gaz ta’minotining tegishli yo‘nalishlari va parametrlari ustida ishlamoqda. Rossiya ishonchli tabiiy gaz yetkazib beruvchi maqomini tasdiqlaydi va biz bundan keyingi hamkorlikka ochiqmiz, […] manfaatdor iste’molchilarning yoqilg‘ining ushbu turiga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga intilamiz", — deya qayd etdi Rossiya prezidenti Vladimir Putin marosimda.

Endilikda mamlakatdan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yiliga qariyb 2,8 mlrd kubometr gaz yetkazib beriladi. Avvalroq Putin gaz yetkazib berish oktabrda boshlanishini bildirib, hozir 3 mlrd kub metr gaz yetkazib berilishini, keyinchalik bu hajmlar oshirilishi mumkinligini qayd etgandi.

“O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri

2022-yil noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi. Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.

Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.

Fevral oyida “Gazprom” bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.

Aprel oyi oxirida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov Rossiyadan O‘zbekistonga gaz “Markaziy Osiyo-Markaz” gaz quvuri orqali yetkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

May oyida Qozog‘iston hukumati Rossiya gazining o‘z hududi orqali O‘zbekistonga tranzitini amalga oshirish masalasini muhokama qilayotgani xabar qilindi. Iyun oyida Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga eksport qilish to‘rtinchi chorakda boshlanishi ma’lum qilingandi.

Yetkazishni boshlash jarayoni

Iyul oyida Qozog‘istonning “QazaqGaz” kompaniyasi Rossiya gazini tashish oktabrdan boshlanishi rejalashtirilayotganini bildirdi.

Gaz oldi-sotdisiga oid shartnoma “UzGastrade” va “Gazprom eksport” o‘rtasida 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, kuniga 9 mln kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi, yillik hajmda esa qariyb 2,8 mlrd kubometrni tashkil etishi belgilangan.

Avgust oyida Qozog‘iston O‘zbekistonga 10 mlrd kubometrgacha gaz yetkazib berishi mumkinligi haqida ma’lum qilindi. Biroq, gaz tranziti hajmi O‘zbekiston energetika tizimi va “Gazprom"ning tayyorligiga bog‘liq ekanligi ta’kidlangan.

Bu orada Turkmaniston “gaz ittifoqi"ning Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokida kengayishi mumkinligi haqidagi xabarlardan xavotir bildirdi. Bunga javoban esa Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya va O‘zbekiston tomonidan gaz bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish borasida rasmiy takliflar bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Sentabr oyi oxirida Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev gaz tranziti uchun infratuzilma va gaz quvurlari yuqori bosimli gazni qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Oktabrga kelib esa, Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni oktabr oyi oxiriga qoldirgani haqida ma’lum qilingandi.