Qozog‘iston hukumati Rossiya gazining o‘z hududi orqali O‘zbekistonga tranzitini amalga oshirish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyevga tayanib, “TASS” nashri xabar berdi.

“Hozirda Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Muzokaralar ancha konstruktiv ruhda davom etmoqda. Natijalar haqida albatta xabar beramiz”, — degan u.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda Rossiyadan Qozog‘istonning shimoliy hududlari orqali Xitoyga gaz quvurini qurish masalasi ham muhokama qilinmoqda.

Xususan, bu bo‘yicha, marshrut oldindan belgilab qo‘yilgan bo‘lib, gaz quvurini qurish shartlari ko‘rib chiqilmoqda.

Aprel oyi oxirida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov Rossiyadan O‘zbekistonga gaz “Markaziy Osiyo-Markaz” gaz quvuri orqali yetkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Gaz muammosi

2022-yilning noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi.

Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.

Shundan so‘ng, Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat gazni “alyans yoki ittifoq orqali” emas, balki shartnomalar bo‘yicha import qilish niyatida ekanini qayd etdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa gaz yetkazib berishda “siyosiy shartlar” haqida gap bo‘lmasligini aytdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi.

Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.

Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.

Ekspertlar O‘zbekiston va Rossiya gaz ittifoqidan Qirg‘iziston ham manfaatdorligini hamda Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston aloqasidagi hamkorlikning faollashuvi mintaqaviy energetika xavfsizligini ta’minlashini ta’kidladi.

Shuningdek, fevral oyida “Gazprom” bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.

Avvalroq “Gazprom” O‘zbekistonga 300 ming tonna neft yetkazib berishi ma’lum bo‘lgandi. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, bu bo‘yicha kelishuvga erishilgan.