Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Qozog‘iston va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni oktabrdan boshlashini aytdi. Bu haqda “TASS” nashri xabar berdi.

“Valday” xalqaro muhokama klubining yalpi majlisida Rossiya yetakchisi shu oydan 3 mlrd kub metr gaz yetkazib berila boshlashini hamda keyinchalik bu hajmlar oshirilishi mumkinligini qayd etdi.

“Texnik jihatdan bu allaqachon amalga oshirilgan, joriy yilning oktabr oyidan [Rossiya gazini Qozog‘iston va O‘zbekistonga] to‘liq yetkazib berish boshlanadi. Hozircha kichik hajmlarda, lekin bu Qozog‘iston iqtisodiyoti uchun ham, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ham juda muhim. Biz 3 mlrd kubometr yetkazib beramiz, keyinchalik esa ko‘paytirishimiz mumkin”, — dedi Putin.

Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini joriy yilning 1-oktabridan boshlashi belgilangandi. Biroq, 4-oktabr kuni mamlakat gaz yetkazib berishni oktabr oyi oxiriga qoldirdi.

Mamlakat hududida qurilish ishlari bilan bog‘liq jarayonlar yakunlanib, gazni hisobga olish uchun alohida liniya ajratilgan. Qozog‘iston Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev mazkur tranzitni ta’minlash imkoniyati bilan bog‘liq foydalanishga topshirish masalalari olib borilayotganini bildirdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, gaz hajmlari borasida hali ham kelishuv jarayoni kechmoqda va ariza kelib tushishi bilan Qozog‘iston ularni e’lon qilishi mumkin.

Sentabr oyi oxirida O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev gaz tranziti uchun infratuzilma va gaz quvurlari yuqori bosimli gazni qabul qilishga tayyor ekanini bildirgandi.